Breaking News

Pokiston-Afg'oniston chegarasida qonli to'qnashuv


Pokiston va Afg'oniston chegarasida yuz bergan to'qnashuvda 10 dan ortiq odam halok bo'lgani va yana yuzga yaqini yaralangani xabar qilinmoqda. Hodisa 5-may kuni bahsli chegara hududida ro'y bergan. O'lganlar orasida ayollar va bolalar bor.

Pokiston armiyasi so'zlovchisining aytishicha, Afg'oniston kuchlari chegaradagi Chaman shahri yaqinida aholini sanab yurgan pokistonlik hukumat vakillariga qarata o't ochishi ortidan otishma boshlanib ketgan.

Pokiston Afg'onistonga qarashli bu hududda bunday ishlarni olib bormaslik haqida oldindan ogohlantirilgan edi, deydi afg'on rasmiysi.

Tomonlar otishmani to'xtatishga kelishib olgan; tez orada o'zaro uchrashuv bo'lib o'tishi kutilyapti.

Afg'oniston mahalliy politsiyasi rahbari general Abdul Roziqning "Amerika Ovozi"ga aytishicha, afg'on chegarachilarining 4 nafari o'lgan, 37 kishi yaralangan.

Chegaradagi Chaman o'tish punktidan har ikki tomonga minglab odamlar o'tadi. Shuningdek, u asosiy savdo va tranzit yo'lagi hisoblanadi.

Pokiston va Afg'oniston o'rtasidagi 2600 kmlik chegaraning ayrim hududlari bahsli. Amaldagi chegara 1896-yilda o'sha paytda mintaqani boshqargan Britaniya tomonidan belgilangan.

Islomobod Kobul da'volarini rad etib, bu hududlarni 1947-yil mustaqillikka erishganda qo'lga kiritganini aytadi.

So'nggi yillarda Pokiston va Afg'oniston aloqalari sovuqlashib bormoqda. Har ikki tomon bir-birini jangari guruhlarni qo'llab-quvvatlayotganlikda ayblaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG