Breaking News

Afg'oniston, Pokiston chegara yuzasidan kelisha olmadi


Pokiston va Afg'oniston rasmiylari o'tgan hafta chegarada ro'y bergan otishma yuzasidan muzokara qilib, kelishuvga erisha olmadi.

Torxam chegara punktida 15-iyun kuni tomonlar o'q almashib, to'rt kishi halok bo'lgan. Otishma o'rtada sulh tuzilganidan keyin ham davom etdi, minglab afg'on va pokistonliklar chegaradan o'ta olmagan.

Nizoga sabab bo'lgan masala Pokiston umumiy chegarada to'siqlar o'rnatishga harakat qilayotganidir. Ikki respublikani ajratib turgan Durand chizig'ini Afg'oniston tan olmaydi va qurilishga qarshilik bilidirib keladi.

Islomobodda o'tgan muzokarada Afg'oniston Tashqi ishlar vaziri muovini Hikmat Halil Karzay boshchiligidagi delegatsiya qatnashdi. Ikki davlat chegara masalalarida bir-biri bilan maslahatlashish mexanizmini yaratishi lozim, deyiladi majlis bayonotida.

Pokiston qo'shni davlat qarshiligiga qaramasdan Torxamda to'rt darvoza o'rnatish rejasidan qaytmasligini qayd etgan. Bu haqda Afg'oniston xabardor qilingan, deydi ismini oshkor etmagan rasmiy.

Mavzu yuzasidan muhokamalarni tashqi ishlar vazirlari Toshkentda, Shanxay Hamkorlik Tashkiloti majlisida davom ettirishga kelishib olgan.

Torxam chegara punkti Afg'oniston-Pokiston aloqalari uchun muhim. Chegaraning har ikki tarafida qavm-qarindoshlariga ega minglab oilalar, tadbirkorlar, yuk mashinalari o'tadi bu yerdan.

Pokiston yaqinda tartib-qoidalarni o'zgartirdi. Bundan buyon chegaradan o'tayotgan afg’onlar qo’lida tegishli hujjat bo’lishi lozim. Maqsad, deydi rasmiylar, terrorizmni kamaytirish.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG