Pokiston hukumati va razvedka idoralari Tolibonga yordamlashayotgani va Afg’onistonda urush davom etishidan manfaatdor ekani haqidagi iddaolarni inkor etmoqda.
O’tgan hafta Afg’oniston razvedkasining muvaqqat rahbari Masud Andarabiy aynan shunday ayblov bilan chiqdi. Pokiston razvedka xizmati, deydi u, Tolibonni “qo’llab-quvvatlaydi va va rag’batlantiradi”.
Pokiston Tashqi ishlar vazirligi so’zlovchisi Muhammad Nafis Zakariyaning ta’kidlashicha, qo’shni davlat bunday bayonotlar qilayotgani afsuslanarli. “Bu iddaolar haqiqatga to’g’ri kelmaydi. Pokiston tish-tirnog’i bilan terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashayapti”, - deydi rasmiy.
Kobulga ko’ra, Tolibon harakatining yetakchilari Pokistonda yashiringan va o’sha yerdan turib Afg’onistonga qarshi hujumlar rejalaydi. Islomobod Pokistondagi uch million afg’on qochqini orasida Tolibon jangarilari bo’lganini tasdiqlaydi, biroq ular Afg’onistonga qaytib ketgan yoki harakatlari keskin cheklangan, demoqda.
Pokiston mutasaddilari, shuningdek, terrorizmga qarshi ashaddiy jang davom etayotganini ta’kidlaydi.
“Biz terrorchilarni ajratib o’tirmasdan, bariga qarshi birdek kurashamiz. Terrorizm – umumiy dushmanimiz, unga qarshi kurashda hamkorlik qilishimiz zarur. Bunday oldi-qochdi gaplar ortiqcha. Bir-birimizni ayblash faqat terrorchilarni kuchaytiradi”, - dedi Pokiston rasmiysi.
U, shuningdek, Afg’oniston Tashqi ishlar vaziri muovini Hikmat Xalil Karzayning bayonotlariga to’xtab o’tdi. Karzayga ko’ra, Pokiston qo’shni mamlakatda tinchlik va siyosiy barqarorlikka hissa qo’shishga sidqidildan harakat qilmayapti.
Nafis Zakariya so’zlariga ko’ra, Afg’oniston, Pokiston, Xitoy va AQSh diplomatlaridan tarkib topgan komissiya afg’on hukumati va Tolibon o’rtasida bevosita tinchlik muzokaralarini o’tkazish ustida qattiq ishlayapti.
“Afg’oniston manfaatlarini ko’zlagan holda tezda tinchlik muzokaralarini boshlash kerak, deb hisoblaymiz. Pokistonning bu istagi samimiy. Afg’onistonda tinchlik va barqarorlik qaror topishidan biz ham manfaatdormiz. Boshqa mamlakatlarga qaraganda, bizga Afg’oniston tinchligi ko’proq kerak”, - deydi u.
Afg’on hukumati va Tolibon muzokarachilari martning birinchi haftasida uchrashishi rejalangan edi.
Biroq toliblar uchrashuvdan bosh tortdi va bahorda hujumlarni jadallashtirishini ma’lum qildi.
Kobul rasmiylariga ko’ra, agar Tolibon so’zlashuvlarda qatnashmasa, Pokiston o’z hududidagi jangarilarga qarshi keskin choralar ko’rishni va’da qilgan.
“Biroq Pokiston va’dasi ustidan chiqmadi”, - dedi Karzay.
AQSh va Xitoy bosimi ostida Pokiston va Afg’oniston so’nggi oylarda terrorizmga qarshi birga kurashish va hamkorlik qilishga kelishib olgan edi.
Kobul va Islomobod o’rtasidagi keskin bayonotlar oradagi shundoq ham murakkab munosabatlarga soya solishi mumkin, deya xavotir bildirmoqda kuzatuvchilar.