Breaking News

Pokiston: Afg'oniston bilan aloqalar to'g'ri yo'nalishda


Tariq Fotimiy, Pokiston bosh vazirining tashqi siyosat bo’yicha maslahatchisi
Tariq Fotimiy, Pokiston bosh vazirining tashqi siyosat bo’yicha maslahatchisi

Pokiston qochib yurgan Tolibon yetakchilarini qo’lga tushirib, Afg’oniston bilan muzokara boshlashga majbur qilamiz, deb va’da berganini inkor etmoqda. Hukumatning yuqori martabali rasmiysi, shuningdek, ikki davlat razvedka xizmatlari o’rtasida imzolangan shartnomani himoya qildi.

Pokiston bosh vazirining tashqi siyosat bo’yicha maslahatchisi Tariq Fotimiy so’zlariga ko’ra, Afg’oniston bilan aloqalar to’g’ri yo’nalishda rivojlanayapti, ikki davlat rahbarlari hamkorlikni davom ettirish niyatida qat’iy.

Strategik tadqiqotlar institutida ekspert va tadqiqotchilar, rasmiylar va xorijiy diplomatlar oldida so’zlagan Fotimiy Islomobod shu paytgacha Afg’onistonda olib borgan siyosatidan qaytganini aytdi, ammo nimani nazarda tutayotganini tushuntirmadi.

Afg’onlar nazarida Pokiston armiyasi Tolibonni zimdan qo’llab-quvvatlagan va jangarilarga Pokiston hududida panoh bergan. Ikki davlat o’rtasidagi sovuqlik, chuqur ishonchsizlik ortida ana shu omil yotadi.

Tariq Fotimiyning aytishicha, Pokiston Tolibonning Afg’onistonda amalga oshirayotgan xunrezliklarini terrorchilik deb hisoblaydi va qoralaydi. Qo’shni mamlakatni beqarorlashtirayotgan kuchlarga panoh bermaymiz, dedi u.

Shu bilan birga, dedi rasmiy, Pokiston toliblarni muzokara stoliga olib kelamiz deb va’da bergani haqidagi gaplar asossiz. Unga ko’ra, Pokiston afg’on tinchlik jarayonida faqat ikkilamchi rol o’ynay oladi.

“Pokiston hech narsani va’da qilmagan va qilolmaydi. Albatta, Afg’onistonda tinchlikni, hamjihatlikni targ’ib qilamiz. Ta’sir kuchiga ega edik, balki hozir ham egamiz. Biroq odamlarni mashinaga tiqib, muzokaraga olib kelib, mana bu yerga imzo qo’yasan deb majburlay olmaymiz”, - deydi Fotimiy.

Ayni vaqtda ikki davlat aloqalari mustahkamlanayotganini aytar ekan, u razvedka agentliklari o’rtasidagi hamkorlik kelishuvini misol keltirdi. Bilaman, deydi Fotimiy, bu hujjat imzolanganidan Afg’onistonda ayrimlar norozi, ammo mintaqada terrorchilikka qarshi kurashda muvaffaqiyatga erishish uchun razvedka sohasida hamkorlik zarur.

“Nafaqat tezkor ma’lumot almashishga, balki jangari va terrorchilarga qarshi birgalikda chora ko’rishga kelishib olganmiz. Shartnomasiz bunday hamkorlikni yo’lga qo’yish qiyin”, - deydi Pokiston mulozimi.

Afg’on qonunchilari va muxolifat tomonidan, qolaversa mahalliy matbuotda Prezident Ashraf G’anini Pokistonga sotilganlikda ayblab, razvedka bitimini bekor qilish chaqiriqlari yangramoqda.

“Prezident G’aniga hurmatimiz baland. U saylanganidan buyon Islomobod va Kobul o’rtasidagi munosabatlar ancha yaxshilandi. Afg’on hukumati bilan hamkorlik rishtalarini mustahkamlash uchun qo’ldan kelganicha harakat qilamiz,” - deydi Pokiston bosh vaziri maslahatchisi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG