Afg'on rasmiylariga ko'ra, Tashqi ishlar vaziri Salohiddin Rabboniy boshchiligidagi delegatsiya ertaga Pokistonda bo'lib, bu mamlakatda Afg'onistonga qarshi harakat qilayotgan guruhlar bazalarini yo'q qilishni talab qiladi.
Afg'oniston prezidenti matbuot kotibi Sayid Zafar Hoshimiyning "Amerika Ovozi"ga aytishicha, delegatsiya tarkibida mudofaa vaziri lavozimini vaqtincha bajarayotgan rasmiy va razvedka xizmati rahbari ham bo'ladi.
“Pokistonda to'planib tashviqot olib borayotgan, Afg'oniston xalqiga urush e'lon qilgan guruhlarga qarshi harakat qilishni Islomoboddan talab qilamiz", - deydi Hoshimiy.
Prezident Ashraf G'ani nazarida bir necha kun oldin sodir etilgan xurujlar Pokistonda rejalanib, o'sha yerda asoslangan guruhlar tomonidan amalga oshirilgan.
"Pokistonda bu guruhlarning bomba ustaxonalari, harbiy-tayyorgarlik lagerlari bor", - deydi Afg'oniston rahbari.
Matbuotda aytilishicha, Tolibon yetakchilari va yirik qo'mondonlari Pokistonda qo'nim topgan. Islomobod bu da'volarni inkor etgan holda Kobul bilan terrorizmga qarshi kurashda, afg'on tinchlik muzokaralarini o'tkazishda hamkorlik qilishga tayyor ekanini bildirmoqda.