50 dan ziyod odamning hayotiga zomin bo'lgan ketma-ket portlashlar ketidan, Afg'oniston poytaxtida xavfsizlik choralari kuchaytirilmoqda.
Kobul aeroporti yaqinidagi AQSh maxsus kuchlari o'rnashgan harbiy bazaga hujumda 9 kishi halok bo'lgan. Ular qaysi davlat fuqarolari ekani hozircha noma'lum.
Kecha, shuningdek, politsiya akademiyasida bir odam o'zini portlatib, kamida 25 kishini o'ldirgan. Bir mahallada yuk mashinasiga joylangan bombadan esa 15 kishi halok bo'lgan, qariyb 240 odam jarohatlangan.
Bu Afg'onistonda Tolibon rahbariyati yangilanganidan buyon amalga oshirilgan ilk yirik xuruj va 2009-yildan beri eng qonlisi, deya bildiradi BMT.
Xalqaro tashkilotning Kobuldagi vakili Nikolas Heysomning aytishicha, zo'ravonlik to'lqini Tolibon harakati ichida ziddiyatlar davom etayotganidan ham darak beradi.
Toliblar hujumlarni uyushtirganini tan oldi. Afg'oniston Prezidenti Ashraf G'ani bugun maslahatchilari bilan majlis qilib, vaziyatni muhokama qilmoqda.
Tolibonnning yangi rahbari Mulla Axtar Mansur afg'on hukumati bilan tinchlik muloqoti davom etadimi, yo'qmi, bu borada aniq fikr birdirgan emas. Pokiston rasmiylari esa muzokaralar faqat vaqtincha to'xtatilganini aytmoqda.
Rus tolibi
AQSh federal sudi Tolibon safida jang qilib qo'lga tushgan rossiyalik sobiq harbiyni terrorizmda aybdor deb topdi. Afg'onistonda tank komandiri bo'lgan Irek Hamidullin bir umrga qamalishi mumkin.
Hamidullin 2009-yilda Xost viloyatida toliblar safida AQSh harbiy bazasiga hujum uyushtirgan, so'ng vertolyotlarga qarata raketa otgan, deyiladi sud hujjatlarida.
Hujumdan so'ng jangarilar chegaradan o'tib, Pokistonga qochishga harakat qilgan, 20 nafari o'ldirilgan.
Obama ma'muriyati rasmiylarining aytishicha, urush zonalarida qo'lga tushgan va terrorizmda ayblanayotgan shaxslar ishini xuddi shu tarzda fuqarolik sudlari ko'rib chiqishi mumkin. Ammo Kongressda bu taklifga qarshilik kuchli.