Breaking News

Tolibon bilan muzokara Afg'onistonda tinchlik uchun so'nggi imkoniyat


Afg'oniston hukumatiga ko'ra, Tolibon bilan rejalangan muzokaralar tinchlik kelishuvi yo'lidagi so'nggi imkoniyatdir. "Amerika Ovozi" Tashqi ishlar vaziri muovini Hikmat Halil Karzay bilan suhbatlashdi.

Kobul va Tolibon o'rtasida bevosita muloqot yaqin kunlarda Pokistonda o'tishi kutilmoqda. AQSh va Xitoyni o'z ichiga olgan koordinatsion guruh uzoq kutilgan bu uchrashuvga zamin hozirlagan.

Afg'oniston tomonidan bosh muzokarachi, Tashqi ishlar vaziri muovini Hikmat Halil Karzay so'zlariga ko'ra, bu muzokaralar Kobul va Islomobod aloqalarini yo'lga solish uchun ham, qurollangan muxolifat bilan til topishish uchun ham so'nggi imkoniyat.

Tolibon rahbariyati Pokistonda yashayotgani, bu davlat razvedkasi bilan aloqa qilishi diplomatik doiralarda ochiq sir. Islomobod, deydi Karzay, Tolibonni muzokaraga ko'ndirish uchun yetarli ta'sir kuchiga ega. Biroq tinchlik muloqotidan darhol natija bo'lmaydi.

"Birinchi, ikkinchi yoki uchinchi uchrashuv ketidan sulhga erishamiz deb o'ylamayman", - deydi diplomat.

"Tolibon bugun yaxlit harakat emas, Mulla Umarning o'lgani e'lon qilinganidan buyon turli guruhlarga bo'linib ketgan. Ular bilan alohida gaplashyapmiz. Bu ishimizni yanada murakkablashtiradi", - deya tushuntirdi afg'on tashqi ishlar vaziri o'rinbosari.

O'tgan bir yilda Afg'onistonda zo'ravonlik sur'ati oshgani bejiz emas. Turli qurollangan to'dalar hukumatga jiddiy tahdid ekanini ko'rsatmoqchi, biz bilan hisoblashing demoqchi, deydi Karzay.

Qatarda Tolibonning idorasi bor, Afg'oniston hukumati mana shu idora orqali muzokara olib boradi.

Kobulda o'tgan matbuot anjumanidan bir necha soat oldin Pokiston bosh vazirining tashqi siyosat bo'yicha maslahatchisi Sartoj Aziz ilk bor Tolibon rahbarlari va ularning oila a'zolari Pokistonda panoh topganini tan olgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG