Breaking News

Qatarda Kobul-Tolibon muzokaralari boshlanishi kutilyapti


Afg’on guruhlari o'rtasida Qatar poytaxtida tinchlik muzokaralari boshlanish arafasida. Xalqaro hamjamiyat ularni urushga barham berish uchun “tarixiy imkoniyatdan” foydalanishga chaqirmoqda.

AQSh vositachilik qilayotgan muloqotda Afg’oniston hukumati va Tolibon vakillari qatnashadi. Doxada 21 a’zolik Tolibon delegatsiyasiga Tolibon rahbari Haybatulla Oxunzodaning yaqin maslakdoshi Mavlaviy Abdul Hakim boshchilik qilishi e’lon qilindi.

Abdul Hakim hozirda Tolibon nazoratidagi hududlarda tatbiq etilgan sud tizimini boshqarib kelmoqda.

Muzokarachilar doimiy sulh hamda Afg’onistonda hokimiyatni taqsimlash ustida kelishib olishi kerak. Fevral oyida AQSh va Tolibon imzolagan kelishuv muloqot uchun zamin yaratgan.

Afg’oniston Iqtisodiyot vaziri Mustafo Mastur 5-sentabr kuni onlayn forumda so’zlar ekan, sulh masalasi ilk muzokaralarda ko’tarilmasligi mumkin, deya qayd etdi.

“Birinchi uchrashuv shunchaki tanishib olish uchun. Osonroq masalalardan keyinchalik qiyinlariga o’tamiz”, - deydi vazir.

NATO tashkilotining Afg’onistondagi noharbiy vakili Stefani Pontekorvoning aytishicha, dialog oson bo’lmaydi. Tomonlar yon berishga, vijdon va qat’iyat bilan ish tutishga tayyor bo’lishi lozim.

“Avvalo zo’ravonlikni sezilarli darajada kamaytirishga erishilsa, jamoatchilikda muzokaralarga nisbatan ishonch paydo bo’ladi. Xalq quvvatlovi natija uchun muhim”, - deydi u.

Afg’onistonda urush AQShda 2001-yilda sodir etilgan terror xurujlari ketidan, Tolibonni jazolash va hokimiyatdan ag’darish maqsadida boshlangan edi. O’shandan buyon 150 000 dan ziyod kishi halok bo’lgan, jumladan afg’onlar va xorijiy askarlar. Yana millionlab odam boshpanasiz qoldi.

AQSh-Tolibon kelishuviga ko’ra, 2021-yilning iyuligacha Amerika va unga ittifoqchi davlatlar qo’shinlari Afg’onistonni tark etishi kerak. Tolibon mamlakatdagi boshqa guruhlar bilan siyosiy jihatdan kelishib olishga va zo’ravonliklarni tugatishga va’da bergan.

Kelishuv imzolanganidan buyon AQSh Afg’onistondagi harbiylari sonini 13 mingdan 8600 ga kamaytirdi. Prezident Donald Trampga ko’ra, noyabrgacha u yerda 4000-5000 askar qoladi.

Afg’on guruhlari orasida muloqot 10-mart kuni boshlanishi rejalangan edi, ammo mahbus ayirboshlash bo’yicha kelishmovchiliklar jarayonni kechiktirdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG