Breaking News

“Afg’onistonda Tolibon bilan til topishib, nizoga yakun yasash mumkin”


General Deyvid Petreus, Afg’onistonda xalqaro koalitsiya qo’mondoni fikricha Tolibon va al-Qoida albatta yanchiladi. Lekin qanday qilib?

To’qqiz yildan beri davom etayotgan urushning oxiri ko’rinmayapti. Deylik, urush tugadi ham, lekin undan keyin Afg’oniston taqdiri nima kechadi?

Uzoq davr Sovet Ittifoqiga qarshi kurashgan mujohidlar 1992 yilda Kobuldagi kommunist prezident Najibullohni hokimiyatdan ag’dardi.

Bu bilan mamlakatda fuqarolik urushi avj oldi. Afg’oniston sobiq mujohidlar va qabilaviy qo’mondonlar hukmron mayda bo’laklarga bo’linib ketdi.

Iqtisodiyot izdan chiqqan, qonun tartibot chetga surilgan qiyin bir davrda shariatga asoslangan, yaxlit bir davlat qurish maqsadi bilan siyosiy maydonga toliblar chiqib keldi.

Tolibon davrida deyarli yagona hukm ostiga kelgan Afg’oniston 2001-yilda AQSh mamlakatga bostirib kirishi bilan yana parokandalikka yuz tutdi.

Amerika yordami bilan Prezident Hamid Karzay mamlakatning yangi rahbari bo’ldi.

Tahlilchilar fikricha, urush tugagani bilan Afg’onistonda tinchlikka erishish mushkul. Tolibonlar bilan qaysidir darajada murosa qilish masalasini ham ko’rib chiqish kerak. Hamid Karzay hukumati Tolibonning ayrim a’zolari bilan muzokara qilishni boshlagan.

AQSh Tinchlik instituti vakili Daniel Serverning aytishicha, Afg’onistonda Livanga o’xshagan sharoitni yaratish mumkin.

“Agar muzokara olib borishni istasangiz, uning qanday shartlar asosida bo’lishini aniqlab olish lozim. Tolibonga Afg’onistonning ayrim hududlarida hukmronlik qilish uchun izn berish shunday shartlardan biri bo’lishi mumkin. Bu Hizbulloh bilan kelishilgan murosaga o’xshaydi. Hozir Livannnig ayrim hududlarini amalda Hizbulloh boshqaradi”, - deydi Daniel Server.

Iroqda general Petreusga maslahatchi bo’lib ishlagan Devid Kilkullenning qayd etishicha, Hizbulloh guruhi terrorchi tashkilot sifatida qaralsada, Livanda siyosiy partiya sifatida ham faoliyat yuritadi. Afg’onistondagi konfliktda ham shunday murosaga kelishni umid qilish mumkin, deydi u.

“Muzokara olib borishning yomon tomoni yo’q. Ko’plab mojarolar shunday murosa yo’li bilan yakun topadi. Lekin biz muzokaralarga kuchli tomon bo’lib kirishimiz kerak. Hozir buni eplolganimiz yo’q. Shu yo’l bilan Tolibon va al-Qoidaning ayrim a’zolari bilan til topishib, nizoga yakun yasash mumkin”.

Prezident Barak Obama AQSh kuchlari 2011-yilning iyul oyidan boshlab Afg’onistonni tark eta boshlaydi deb bayon qilgan. Ungacha esa afg’on armiyasi nazoratni o’z zimmasiga olishga tayyor bo’lishi kerak.

Lekin harbiy tahlilchi Larri Gudson nazarida muddatni oldindan belgilab olish - strategik xato.

“Tark etish haqida aniq muddat qo’yilganda, shunga erishish uchun shoshilib, uzoqni ko’zlamay harakat qilasiz. Vaqt o’tar ekan, nima qilib bo’lsa-da harbiy amaliyotlarni tugatish kerak deb o’ylaymiz. Lekin bu muvaffaqqiyatga erishamiz degani emas”, - deydi Gudson.

Xorijiy kuchlar mamlakatni tark etmas ekan, Tolibon hukumat bilan muzokara ko’chasiga kirmaydi.

“Hozir Tolibon Karzay hukumati idora qila olmayotgan joylarda mahkam joylashib olgan”, - deydi Larri Gudson.

Devid Kilkullen fikricha, Livandagi Hizbullohni Eron qo’llab-quvvatlagan bo’lsa, Afg’onistonda o’z ta’sirini saqlab turish uchun Tolibonga Pokiston ko’mak bermoqda.

“Pokistonda jangarilardan tashqi siyosatda unumli foydalanishadi. Biz Pokistonda anchadan beri buning guvohi bo’lyapmiz. Bu bir kechada tark qilish mumkin bo’lgan odat emas. Bugungi toliblar o’zing tayyorlagan odamlar, ularni nima qilmoqchisan endi? Aloqani birdaniga to’xtatish kerakmi? Unda ahvol butunlay nazoratdan chiqib ketadi. Shuning uchun ham Pokiston hanuz afg’on toliblarini qo’llab keladi”, - deydi Kilkullen.

XS
SM
MD
LG