Davlat kotibasi Xillari Klinton bu haqda bugun Islomobodda, Pokiston Tashqi ishlar vaziri Mahmud Qurayshi bilan muzokara paytida e’lon qilgan.
Vashington shu tariqa o’rtadagi shubha-gumonga barham berib, Afg’oniston bobida muhim hamkor Pokiston madadini qozonmoqchi.
Davlat kotibasi Xillari Klinton Pokiston bilan siyosiy, iqtisodiy rishtalarni mustahkamlashga doir strategik dialogning ikkinchi davrasini yakunladi.
Birinchi muloqot Vashingtonda, bahor boshida o’tgan edi. Klinton va Qurayshiy bu vaqt ichida nimalar qilingani haqida to’xtalgan.
O’tgan yili AQSh Kongressi bu davlatga kelasi besh yilda 7,5 milliard dollar ajratishga rozi bo’lgan edi.
Ushbu loyiha doirasida Qo’shma Shtatlar Pokistonda energetika, tibbiyot va qishloq xo’jaligi bobida yangi dasturlar boshlamoqda. Ikki yirik gidrostansiya, yangi tibbiy maskanlar qurish mo’ljalda.
Davlat kotibasi Xillari Klinton bu tashabbus Pokiston ahli, oilalar hayotini yaxshilaydi degan umidda. “Bu uzoqni ko’zlab, Pokiston kelajagini o’ylab qilingan sarmoya.
Qo’shma Shtatlar xavfsizlik va mudofaa zaruratini biladi. Ammo iqtisodiy taraqqiyot, demokratik qadriyatlar undanda ustun”, - deydi Klinton.
Afg’onistonda Tolibonga qarshi kurashda Pokiston AQShning muhim hamkorlaridan. Ammo bu davlatda Qo’shma Shtatlarga nisbatan, uning maqsadlariga nisbatan shubha, ishonchsizlik kuchli. Xillari Klinton nazarida oxirgi yillarda manzara sekin-asta ijobiy tomon o’zgara boshlagan.
Pokiston Tashqi ishlar vaziri Shoh Mahmud Qurayshiy deydiki, davlatlar energetika, sog’liqni saqlash, qishloq xo’jaligi va ta’lim sohalarida yaqindan ishlar ekan, o’zaro adovat hissi barham topishi aniq.
“Bu loyihalar samarasi sezilsa, odamlar orasida ham kayfiyat o’zgaradi”, - deydi Qurayshiy.
Shuningdek, Davlat kotibasi Xillari Klinton kecha Pokiston va Afg’oniston o’rtasida uzoq yillik muzokaradan so’ng nihoyat savdo bobida muhim hujjatni imzolash marosimida ishtirok etdi. Ertaga esa Kobulda 70 davlatni jamlovchi xalqaro donorlar anjumaniga yo’l oladi.