Breaking News

AQSh generali: Afg'oniston armiyasining salohiyati oshmoqda


Afg'on askarlari Jalolobodda Pokiston konsulligi oldidagi hujumdan keyin. 13-yanvar 2016-yil
Afg'on askarlari Jalolobodda Pokiston konsulligi oldidagi hujumdan keyin. 13-yanvar 2016-yil

O'tgan yili ilk bor Afg'oniston armiyasi mustaqil ravishda Tolibonga qarshi kurash olib bordi, mamlakat xavfsizligi mahalliy askarlar bo'ynida. AQSh generali Vilyam Shoffnerga ko'ra, 2015-yil Afg’oniston xavfsizlik kuchlari uchun qiyin kelganiga qaramay, yutuqlar ham yo'q emas.

"Armiya va xavfsizlik kuchlari salohiyatini oshirishda davom etyapmiz", - deydi general Shoffner.

NATO afg'on armiyasi malakasini oshirish uchun treninglar o'tkazib keladi. Shu maqsadda mamlakatlatda bir necha ming sonli xorijiy qo'shin qoldirilgan.

Bugunga kelib, deydi harbiy, afg'on askarlari muayyan reja asosida harbiy amaliyotlar olib borishni o'zi uddalaydi. Ammo inqiroz holatida, favqulodda vaziyatlarga javob berishga kelganda nuqsonlar talay.

"Voqea joyiga xavfsizlik kuchlarini tezda yetkazish, vaziyatni barqarorlashtirish ustida ishlash kerak. 2016-yil davomida mashqlarda shunga urg'u beramiz", - deydi general.

O’tgan yili Tolibon ayrim hududlarni o’z nazoratiga olgan bo’lsa-da, ularni saqlab qololmadi. 300 ming aholiga ega Qunduz shahri yetti kun ichida jangarilardan ozod etilgani bunga misol.

Qish mavsumida Afg'oniston shimoli, sharqi va g’arbida janglar sekinlashgan, biroq janub, ayniqsa Hilmand viloyatida toliblar faolligicha qolmoqda.

“Islomiy davlat”ga kelsak, bu guruhning Afgonistonda odam yollash hamda targ’ibot bilan shug’ullanayotgan a’zolari bor, deydi general Shoffner.

Janubiy Osiyo bo’yicha mutaxassis Jona Blank izohiga ko'ra, AQSh va xalqaro qo’shinlar mamlakatni tark etganidan keyin ma’lum qiyinchiliklar bo’lishi ayon edi.

"Afg’oniston armiyasida korrupsiya kuchli, maoshlar kam, xizmatdan qochish ko'p uchraydi", - deydi u.

Rasmiylarning “Amerika Ovozi”ga bildirishicha, Afg'onistonda AQSh maxsus kuchlariga kattaroq rol ajratish rejada.

Mahalliy qo’shinlar uchun mashqlar o’tkazish va maslahat berish bilan mashg’ul kuchlar Kobul rasmiylari iltimosi bilan va agar Tolibon faollashsa, o’z faoliyat ko’lamini kengaytirishi mumkin.

Shu oy boshida AQSh armiyasi serjanti Metyu Maklintok Hilmand viloyatida toliblar hujumida halok bo'lgan edi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG