Breaking News

Yangi qonunlarga qaramasdan Afg'onistonda ayollar xor


Afg’onistonda huquqbuzarlik va jinoyat ko’lamining kengligi, adolatsizlikning avjga chiqqani aytilmoqda. Ayniqsa, ayollarga qiyin. Jinsiy tajovuz, do’pposlash, majburan turmushga berish, o’z joniga qasd qilish kabi minglab holatlar qayd etiladi. Hukumatga murojaat qilib, madad olganlar ko'p emas.

Mag’firat Samimiy - Juzijon, Saripul va Faryob viloyatlari Inson huquqlari komissiyasi rahbari. Bu idora Shibirg’onda joylashgan. Uning ta’rificha, zo’ravonlik shu qadar kengki, odam tasavvur qilolmaydi. Ayrim ayollar uylarida qulflab qo’yilgan, deydi u.

“Saripul viloyatining Sonchorak, Gusfandi tumanlaridan mening oldimga oyoq ochiq qochib kelganlar ham bor. Bunday hollar ozayishi o’rnigako’payib borayapti”, - deydi Mag’firat Samimiy.

Zo’ravonliklarning asosiy sabablari notinchlik, savodsizlik, qashshoqlik va ishsizlikka borib taqaladi.

Ocharchilik bois bolalar sotiladi, qizlar balog’atga yetmay erga beriladi, deydi suhbatdosh. Hukumat bu borada juda zaif.

“Amerika Ovozi” bilan gaplashgan bir ayol o’z ismini aytishdan uyaladi. Bir yildan beri hukumat idoralariga murojaat qiladi. Eridan ajralishni istaydi, lekin dardini hech kim eshitmaydi. Ayolning onasi esa qizining o’zini o’ldirishidan xavotirda.

“Erim qamoqda. Tolibonga qo’shilib ketgan edi, keyin hibsga olingan. Hukumatdan erimdan ajralishimga yordam berishini so’rayman. Qayerga borsam ustimdan kulishadi odamlar”, - deydi zo’ravonlikka uchragan ayol.

Inson huquqlari bilan shug'ullanuvchi "Human Rights Watch" xalqaro tashkiloti Afg’oniston hukumatini islohotlar qilishga undamoqda.

Mahalliy politsiya va qurolli guruhlar huquqbuzarlikda yetakchi, deya tanqid qiladi tashkilot. Odamlar qo’rquv sabab adolat izlab hech qayerga bora olmaydi.

XS
SM
MD
LG