Breaking News

Afg'onistonning Parvan viloyatidagi portlashda kamida olti kishi o'lgan


Afg'onistonning Parvan viloyatida bomba portlab, kamida olti kishi o'lgan, 22 odam yaralangan. Xuruj xudkush hujumchi tomonidan amalga oshirilgan.

Ichki ishlar vazirligi so'zlovchisi Sidiq Siddiqiyning aytishicha, halok bo'lganlarning deyarli barchasi oddiy fuqarolar, uch nafari esa ayol.

Hujum uchun mas'uliyatni hozircha hech kim zimmasiga olgani yo'q, ammo rasmiylar unda Tolibonni ayblamoqda.

Siddiqiy, shuningdek, qo'shni o'lkalarda terrorchilar uchun xavfsiz hududlar barpo qilinganini qoraladi. Bu bilan u Pokistonni nazarda tutmoqda.

Kobulga ko'ra, Tolibonning yetakchi rasmiylari Pokistonda yashiringan va isyonchi guruh Islomoboddan hanuz ko'mak oladi. Pokiston bu ayblovlarni inkor qiladi.

Afg'oniston matbuotining xabar berishicha, AQSh droni yordamida Nangarhar viloyatida amalga oshirilgan zarbalarda "Islomiy davlat" guruhiga aloqador kamida olti jangari o'ldirilgan. Halok bo'lganlar orasida guruhning mahalliy qo'mondonlaridan biri ham bor.

NATOning Afg'onistondagi yordam kuchlari rahbari, AQSh generali Jon Nikolsonning aytishicha, so'nggi paytlarda zo'ravonliklar kuchayishi oqibatida mahalliy kuchlarni tayyorgarlikdan o'tkazish rejasini o'z vaqtida amalga oshirish kechikyapti.

Hozir Afg'oniston hukumati kuchlarining barchasi Tolibon, Al-Qoida va IShID jangarilariga qarshi kurashish band, deydi general.

Bu orada Afg'onistonning ikkinchi eng yirik isyonkor guruhi Hizbi Islomiy AQSh yetakchiligidagi barcha xalqaro kuchlar mamlakatni tark etishi kerak, degan shartni ortiq qo'ymasligini bildirdi.

Gulbiddin Hikmatyor tomonidan boshqariladigan guruh yaqinda Kobul bilan muzokara boshlagan. Guruh so'zlovchisi Amin Karimning "AP" axborot agentligiga aytishicha, tinchlikka erishish uchun xorijliklar mamlakatni tark etishi kerak degan muhim shartdan voz kechishga qaror qilingan.

Hikmatyor AQSh tomonidan "global terrorchi" deya tamg'alangan va BMTning qora ro'yxatiga kiritilgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG