Tolibon harakati Turkmaniston bilan chegaradagi Faryob viloyatida o’z hujumlarini oshirmoqda. Viloyatning Qo’rg’on, Qaramqul, Andhuy tumanlaridagi hujumlar natijasida minglab odamlar uy-joylarini tark etishga majbur bo’lgan. “Amerika Ovozi” Andhuy tumanida bo’ldi.
Jang 10 kundan beri davom etmoqda. Andhuy tumani hokimi Sulton Muhammad Sanjarga ko’ra, ushbu tumandagi urushga pokistonlik jangarilar rahbarlik qilmoqda.
Lekin, deydi u, “mohir jangchilar, rivojlangan qurollarni ishlatayotganlar O’zbekiston Islomiy Harakati a’zolari”.
Mahalliy politsiya qo’mondoni Ibodulla Zakkining “Amerika Ovozi”ga aytishicha, Tolibon jangchilari tinch aholi uy-joyiga yashiringan, ularning harbiylar bilan yuzma-yuz jang qilishga kuchi yetmaydi.
“370 nafar toliblar bizning harbiy bazalarimizga hujum qilib bosib oldi. O’zbekiston, pokistonlik toliblar ham bor. Ularning bu yerda ko’p qolishi Faryob viloyati hamda qo’shni Turkmaniston davlatiga tahdid bo’ladi”, - deydi qo’mondon.
Urush sur’ati ancha sekin. Bir necha kundan beri Tolibon ham, harbiylar ham o’t ochmayapti. Hujum uchun harbiylarga ruxsat berilmagan, chunki tinch aholining uy-joylariga zarar yetishi mumkin, deydi rasmiylar.
Janglar oqibatida minglab odamlar uy-joylarini tark etishga majbur bo’lgan. Ular hozir Andhuy tumanining tinch hududlarida jon saqlamoqda.
“Toliblar uylaringizni tark etinglar deb masjidda e’lon berdi. Avvalgi g’aribligimiz kam edimi, yana xonavayron bo’ldik. Uyimizdan hech narsa olib chiqa olmadik. Kerakli narsalarimizni olib chiqmoqchi bo’lsak, toliblar nishonga olgan bo’lardi. Uyimdan chiqib ketganimizga 12 kun bo’ldi. 10 ta non bilan chiqqanmiz. Uyimizga qaytib bora olmayapman. Shuncha kundan beri bir kiyimda yuribman”, - deydi urushdan jabrlanganlardan biri.
Havo sovuqligi aksar bolalarning sog’ligiga salbiy ta’sir qilgan. Urush ovoralari, ayniqsa bolalar va homilador ayollarga tibbiy xizmat ko’rsatish maqsadida ko’chma tabbiy yordam guruhlari tashkil qilingan.
Jabrlanganlarga gumanitar yordam ulashilmoqda. Qahraton qish bo’sag’asidagi ushbu insonlarni qanday taqdir kutmoqda? Rasmiylar yaqin kunlarda keng ko’lamli harbiy operatsiya o’tkazilishini ta’kidlamoqda.
Tolibon Turkmaniston bilan chegaradagi Faryob viloyatining Gurzvon, Almor, Qaysor, Shirintagob tumanlarida ham hujumlarga zo’r bergan.
Facebook Forum