AQShning Afg'oniston bo'yicha maxsus vakili Zalmay Halilzod Afg’oniston sulhi bo’yicha ushrashuvlarning uchinchi galini boshlar ekan, muzokaralar samara berishiga ishonadiganlar va ishonmaydigan bor.
Ayrimlar nazarida AQSh istasagina toliblar bilan olib borilayotgan uchrashuvlar natija berishi mumkin. Lekin ba’zilar fikricha, Tolibon bilan sulhga erishish qiyin.
Zalmay Halilzod uchrashuvlarini Pokistondan boshladi. Ayni damda Tolibon delegatsiyasi ham poytaxt Islomobodda. Halilzod O’zbekiston, Turkmaniston, Rossiya, Birlashgan Arab Amirliklari va Qatarga ham safar qilishi kutilmoqda.
AQSh Prezidenti Donald Tramp Pokistonning Afg’oniston tinchlik muzokaralariga yordam berishi zarurligini ta’kidlar ekan, Halilzod bilan uchrashgan Pokiston rasmiylari Islomobod muzokaraga hissa qo’shishga va’da bergan.
Lekin Pokiston bergan va’dasida turmaydi, degan qarash kuchli. Bosh vazir Abdulla Abdulla idorasi Pokiston bergan va’dalarini amalda tatbiq qilishi kerak deya Pokiston rasmiylarini hamkorlikka chorlaydi.
“Terrorizm ikki davlat uchun ham katta tahdid”, - deydi Bosh vazir so’zlovchisi Umid Maysam.
Ayni holda hukumatning Tolibon bilan muzokara qilishi kutilayotgan maxsus delegatsiyasi uchrashuvlar mexanizmi ustida ishlamoqda. Sobiq prezident Hamid Karzay muzokaralarning barcha bosqichlaridan aholi xabardor qilinishi lozimligini ta’kidlamoqda.
Unga ko’ra, muzokaralar qo’shnilar, ayniqsa, Xitoy va Rossiya kabi davlatlarga zid ravishda olib borilmasligi kerak. AQSh tashabbusini qo’llab-quvvatlayotgan Karzay muzokaralarni afg’onlarning o’zi boshqarishi tarafdori.
Ayrim kuzatuvchilar nazarida Pokiston “tinchlik muzokaralariga yordam beraman” deyish bilan boshqalarni aldashga harakat qilmoqda. “Tarixga nazar tashlaydigan bo’lsak, Pokiston Afg’oniston xalqiga bergan va’dasida turmagan”, - deydi tahlilchi Sayid Naqibullah Hoshimiy.
Pokiston afg’on toliblarini Hindistonga qarshi ham himoya qilib kelmoqda. Bu mavzu qayta-qayta ko’tarilgan. Tolibon sulhga ko’nadimi, yo’qmi? Aniq emas. Lekin Afg’oniston Bosh vaziri o’rinbosari Muhammad Muhaqqiqga ko’ra, Tolibon guruhi sulh muzokaralariga ishonmaydi.
“Tolibon guruhi jang yo’li bilan masalaga yakun yasashga harakat qilmoqda”, - deydi Muhaqqiq. “Toliblar AQSh 18 yillik urushdan charchagan, Afg’onistonni tark etish uchun bahona qidirmoqda deb o’ylashmoqda”, - deydi u.
Hamma yakdillik bilan 18 yillik yutuqlar Tolibon harakati bilan muzokaralarning qurboniga aylanmasligini so’rab keladi.AQSh va NATO rasmiylari ham Afg’onistonni yakka qoldirishga hali ancha erta ekaniga urg’u bermoqda.
“Afg’on harbiylari mamlakat va fuqarolar xavfsizligini ta’minlay olmaydi”, - deydi AQSh armiyasining Markaziy qo'mondonligi nomzodi general Kennet Makkenzi.
Shuningdek, NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg afg’on harbiylarini qo’llab-quvvatlashda davom ettirish lozimligini aytgan. “Biz xalqaro terrorizmga qarshi kurashmoqdamiz. Afg’oniston yana bir bor terrorchilar boshpanasiga aylanishining oldini olishimiz kerak”, - deydi u.
AQSh va NATO rasmiylarining bunday chiqishlari xorijiy kuchlar Afg’onistonni tark etadi degan xavotirlarning o’rinsiz ekanini ko’rsatmoqda.
Facebook Forum