Amerika matbuotining yoritishicha, Afg‘oniston vitse-prezidenti, general Abdulrashid Do'stum yakkalanib qolgan. Uning maslahatiga hech kim quloq solmay qo'ygan. Lekin Do'stumning yordamchisi Sulton Fayziy “Amerika Ovozi” bilan suhbatda AQShning “Nyu-York Tayms” gazetasidagi maqola asossiz, deydi.
Sulton Fayziy - general Do'stumning yaqin maslahatchilaridan biri. Uning aytishicha, "Nyu-York Tayms" maqolasida asossiz axborot berilgan. Haq gap kerak bolsa, generalning odamlariga murojaat qilib so’rash kerak edi, deydi u, bu bir tomonlama axborot va siyosiy fitnadan boshqa narsa emas.
General Do'stumning vakolati bosh qonunda aniq belgilangan va buni hech kim o'zgartira olmaydi, deydi Sulton Fayziy.
“Maqolada generalning kimligini masxara qilishgan", - deydi u.
Do'stumni mamlakatda yaxshi tanishadi. Fayziy bu maqoladan maqsad nima deya hayron. Xorijiy nashrlar Afg'oniston qonunlari asosida bu yerda faoliyat yuritadi, gazeta noto’g’ri ma’lumot tarqatib, Afg'oniston milliy manfaatlariga zarar yetkazadi, deydi u.
"Biz "Nyu-York Tayms" ga rasmiy xat yo'llab mavzu xususida to'liq ma'lumot berishini talab qildik. Biz hukumat rasmiysi o'laroq buni bilib olishga haqlimiz. Yolg'on axborot berib, xalqning ongiga salbiy ta'sir qilishga ruxsat yo’q. Gazeta bizning talabimizni qoniqtirishi kerak",- deydi Fayziy.
Xalqaro hamjamiyat Afg'onistonda nima bo’layotgani haqida haqqoniy axborot olishi kerak, deydi u.
Mahalliy o'zbeklar nazarida G’arbning nufuzli gazetasi hukumatda janjal chiqarishga urinmoqda. Bu befoyda harakat, deydi ular.
"Bu general Do'stumning siyosiy raqiblari ishi. Do'stumni kamsitib uni qudratdan uzoqlashtirishga harakat qiladilar", - deydi o'zini Nusratulloh deb tanishtirgan yigit.
Boshqa bir o'zbek deydiki, bu bugunki kunda oddiy bir ishga aylanib qolgan, birovni kamsitish va uning ishonchiga raxna solish.
"General Do'stumga nisbatan bungay tuhmatlar ko'p bo'lgan, lekin birortasi ham isbotlanmagan",- deydi Zaynulloh ismli yana bir o’zbek.
"Nyu-York Tayms” ga nisbatan ijtimoiy tarmoqlarda ham munosabat bildirganlar ko'p bo'ldi. Tarafdorlar u yerda ham maqolani qoraladi.