Breaking News

Afg'oniston kelajagi, O'zbekistonda "radikalizm" xavotiri


Kobul bozorida
Kobul bozorida

Afg’oniston sovet qo’shinlari olib chiqilganidan 23 yil o’tib ham osuda hayot nimaligini bilmaydi.

Tolibonga qarshi mahalliy armiya bilan yelkama-yelka kurashayotgan xalqaro qo’shinlar 2014-yilga borib Afg’onistonni tark etishi kerak. Koalitsiya yetakchisi Amerikaning bu boradagi qarori qat'iy. Keyin nima bo’lishidan nafaqat mintaqa, balki Yevropa hamjamiyati ham bezovta.

Yon qo’shni O’zbekiston rahbariyati o'z xavotirini yashirmaydi. Islom Karimov xurujlar ehtimoli haqida ogohlantirib keladi.

Tojikistonda ham tashvish kuchli, hukumat asosiy xavfni diniy ekstremizmda ko'radi.

O’zbekistonning bu qadar xavotiri avtoritar boshqaruv, diniy ta’qib va cheklovlar bilan bog'liq, deydi siyosatshunos olim Kamoliddin Rabbimov.

“O’zbekistonda diniy ayblov bilan ushlangan musulmonlar qamoqqa tushsa tirik chiqmasligini yaxshi biladi. Hukumatimiz aholi, xalqaro hamjamiyatni radikalizm va terrorizm bilan qo’rqirib juda xatarli bir tizim shakllantirdi. Buning oqibatlari G’arb o’ylayotganidan ham og’ir bo’lishi mumkin. Aslida demokratik jarayonlarni to’xtatish kerak emas, aksincha, bunga nisbatan talab va e’tiborni kuchaytirish kerak edi”, - deydi Rabbimov.

Yevropa matbuotining yoritishicha, xalqaro qo’shinlar Afg’onistondan chiqqach, butun mintaqada radikalizm kuchayishi mumkin.

Germaniya radio va telekanallarida berilgan ma'lumotlarga ko'ra, O'zbekiston va Tojikiston Afg’onistonda toliblar hukumatga qaytsa qanday choralar ko'rishi mumkinligi haqida o'ylay boshlagan.

Toliblar hukmronligi davrida shimoldagi o’zbeklar yetakchisi general Abdurashid Do’stum "himoyachi" sifatida ko’rilgan. Toliblar ag’darilgach, Karimov ma’muriyati generalni u qadar quvvatlamay qo'ydi.

Afg'oniston kelajagi, O'zbekistonda radikalizm xavotiri, Malik Mansur lavhasi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:00:00 0:00
Yuklab oling


Afg’onistondagi o’zbeklarning ma’rifiy-ijtimoiy masalalarda O’zbekiston bilan hamkorlik, hukumat ko’magiga bo’lgan umidlari puchga chiqqan.

"Men O’zbekiston chegarasini ochib, dunyodagi o’zbeklarni chaqirsin deyayotganim yo’q. Yordamni Afg’onistonda amalga oshirib, ilm olishiga ko’maklashsin, Qirg’iziston, Tojikistondagi o’zbeklarni quvvatlasin, toki o’zbek bolasi hech qayerda ilmdan uzoqda, savodsiz qolmasin. O’zbekistonning katta universitetlari bor, lekin bu imkoniyatlar Afg’onistondagi qardoshlar o’z tilida o’qishdan, ma’naviyatidan bebahra qolayotgan paytda qanchalik o’zini oqlaydi? O’zbek yoshlari ilm-ma’rifat olmasa ularga yo’lni toliblar topadi”, - deydi afg’onistonlik olim, ayni paytda Yevropada yashayotgan Turdiqul Maymanagiy.

Yaqinda nemis va o’zbek ekspertlar ishtirokida Berlinda anjuman bo'lib o'tdi. Unda asosan Afg’oniston kelajagi va u yerdagi tub muammolar haqida gap ketdi.

Xulosa shuki, diniy ekstremizm va xurujlar kuchayishi haqida ogohlantirayotgan O’zbekiston hukumati aslida bu tahdidlar kuchayishiga hissa qo'shmoqda.

Erkinlik muttasil ravishda bo’g’ilib, har qanday muxolif qarashga ekstremizm tamg’asi bosilib, yuzlab musulmonlar qamoqqa tashlangani fuqarolarni, ayniqsa yoshlarni radikalizmga yetaklamoqda, deydi olimlar.
  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG