Breaking News

Qunduz shifoxonasiga hujum uchun AQShning 16 harbiysi hayfsan oldi


Afg'onistonning Qunduz viloyatidagi kasalxonaga uyushtirilgan hujum uchun AQShning 16 harbiysi turli darajada jazo va ogohlantirish oldi. O'tgan yili "Chegara bilmas shifokorlar" tashkiloti tomonidan yuritilgan bino AQSh samolyotlari tomonidan hujumga tutilishi oqibatida 42 odam, jumladan, ko'plab shifokorlar va bemorlar halok bo'lgan edi.

Hodisani o'rgangan Pentagon xurujni urush jinoyati deb topmagan.

Markaziy qo'mondonlik rahbari general Jozef Votelning aytishicha, fojea favqulodda tarang vaziyatda va bir necha texnik jihozlar ishlamay qolishi oqibatida yuz bergan.

Uning qo'shimcha qilishicha, bu urush jinoyati emas, chunki hujumni amalga oshirganlar mo'ljaldagi binoning kasalxona ekanini bilmagan. Hujum AQSh havo kuchlarining AC-130 harbiy samolyoti tomonidan amalga oshirilgan.

"Bu qasddan qilinmagan harakat. Shuning uchun bu shaxslarni urush jinoyatida ayblash asossiz", - dedi Votel.

"Ular afg'onistonlik hamkorlarini qo'llashga harakat qilayotgan edi. Belgilangan qoidalarning hech biri qasddan buzilmagan", - deya qo'shimcha qildi general.

Hodisa yuzasidan e'lon qilingan xulosa o'tgan yilning noyabrida o'tkazilgan dastlabki surishtiruv natijalari bilan bir xil. O'shanda yerdagi va havodagi AQSh kuchlari kasalxonani ataylab nishonga olmagani aytilgan edi.

16 harbiyga e'lon qilingan jazo choralari, asosan, hayfsan e'lon qilishdan iborat. Bunday ogohlantirish lavozim ko'tarilishiga to'siq bo'lishi va hatto keyinchalik ishdan haydalishga ham sabab bo'lishi mumkin, deydi rasmiylar. Jazolanganlar orasida ikki yulduzli general ham bor.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG