Breaking News

Xalqaro tashkilot: Afg’oniston o’zini mudofaa qilishga tayyor emas


Inqirozlarni o’rganuvchi xalqaro guruh (International Crisis Group) nazarida Afg’oniston hukumati 2014-yilda xalqaro qo’shinlar ketib, xavfsizlikni to’liq bo’yniga olishga tayyor emas.

Belgiyada asoslangan nodavlat tashkilot ta’rificha, NATO va Amerika armiyasi mamlakatni tark etgach, navbatdagi saylovlar yana janjalga sabab bo’lsa, Kobulda hukumat qulaydi. 2009 va 2010-yilgi prezident va parlament saylovlari qattiq tortishuv va beqarorlikka turtki bergan edi.

Hisobotga ko’ra, bugun Afg’onistonda saylovlar va hokimiyatni tinch taqsimlash uchun sharoit yo’q. Xorij armiyasi ketsa, tashqi yordam va sarmoya oqimi susayib, bu ham parokandalikka hissa qo’shishi aniq, deb hisoblaydi Inqirozlarni o’rganuvchi guruh ekspertlari.

Tashkilot nazarida xalqaro hamjamiyat Afg’onistonda 2014-yilgi prezident saylovlari va jarayon xavfsizligi borasida puxta reja bilan chiqishi kerak. Mahalliy rahbariyat esa oshkora ish tutib, shikoyatlarni ochiq va tez ko’rib chiqishga tayyor turishi lozim.

Kobul politsiyasi rahbari, general Muhammad Ayub Salangi “Amerika Ovozi” bilan suhbatda ushbu hisobot asossiz ekani va ichki ishlar xizmati hamda qurolli kuchlar xavfsizlikni ta’minlashga qodir ekanini aytadi.

Afg’oniston janubida kecha xavfsizlik idoralari yonida mashina portlab, ikki razvedkachi halok bo’lgan. Yana to’rt fuqaro jarohatlangan.

Xalqaro Qizil Xoch qo’mitasining Afg’onistondagi bo’limi boshlig’i, xizmat muddati tugab borayotgan Reto Stoker fikricha ham mamlakatda tinch aholi hayoti og’irlashgan.

Yetti yillik faoliyatini sarhisob qilar ekan, u urush, tibbiy xizmat, iqtisod bilan bog’liq muammolar va tabiiy ofatlar odamlarning tinkasini quritib bormoqda, deydi. Shunga qaramasdan, yutuqlarni qayd etish lozim, deydi Stoker. Aholi xalqaro tashkilotlar maslahatiga quloq tutib, tinglashga moyilroq bugun, deb hisoblaydi Xalqaro Qizil Xochning Afg’onistondagi idorasi rahbari.

Pokistonda jangarilar o’smir qizni otdi

Pokistonda Tolibonni tanqid qilib, xalqaro maydonda tanilgan 14 yoshli faol jangarilar hujumiga uchragan.

Malala Yusufzoy ismli o’smir qiz Svot vodiysida maktabga ketayotib o’qqa tutilib, jarohatlangan. Yana bir qiz yarador. Qurollangan kishilar maktabga borib, Yusufzoy kim deya surishtirib, keyin o’t ochgan.

O’quvchi qiz mintaqada toliblar xatti-harakati, ayniqsa, qizlar maktabi yoqib yuborilganini qoralab, internetda blog yozib, el nazariga tushgan edi. Shifokorlarning aytishicha, uning jarohati og’ir emas.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG