Afg'onistondagi urush yuz minglab odamlarni uy-joyidan ayirdi. Qish yaqinlashar ekan, ko'plab oilalar issiq boshpanaga muhtoj. Ularga yetarli yordam berilmayapti.
Muhtojlar yashovchi mahallalarda suv ham yetishmaydi. Urush va zo'ravonlikdan qochib uyini tark etgan bu odamlar oldida qahraton qish turibdi. Ular sovuqdan omon chiqishi uchu turar-joy kerak.
BMT hisobiga ko'ra, Afg'onistonda bir milliondan ortiq qochoq ko'chib yuribdi. Ular orasida xorijdan qaytib kelganlar ham, ichki qochoqlar ham bor.
Ichki qochoqlarga berilayotgan yordam miqdori bir oyga yetadi, xolos. Uzoq vaqtdan beri uysiz yurganlar ahvoli yanada og'ir.
"Sangindanman, 7-8 yildan beri shu yerdaman, chunki u yoqda urush bo'lyapti. Lekin hech narsamiz yo'q. Qarang, bolalar iflos joyda o'ynayapti. Maktabga borishmaydi, tibbiy markazlar yo'q. Qish kelyapti, bizda esa hech narsa yo'q", - deydi qochoqlardan biri.
Muhtojlar orasida ayollar va bolalar ko'p. Aksariyati hayoti xavf ostida bo'lgan odamlar sifatida ro'yxatga olingan.
"Hukumat bizga umuman yordam bermayapti. Bizni chodirlarda o'z holimizga tashlab qo'yishdi", - deydi bir ayol.
BMTning ogohlantirishicha, o'z uyini tashlab qochgan afg'onlar soni yil oxirigacha yanada ko'payishi mumkin. Ammo ularni boshpana bilan ta'minlash uchun yetarli resurslar mavjud emas.