Breaking News

Nega Karzay xavfsizlik bitimini imzolashni istamayapti?


Afg'oniston prezidenti Hamid Karzay
Afg'oniston prezidenti Hamid Karzay
Afg’oniston prezidenti Hamid Karzay AQSh bilan xavfsizlik bitimini imzolashni kechiktirish haqidagi qarorini himoya qilishda davom etmoqda. Tahlilchilar va tanqidchilar nazarida, prezident Karzayning kelishuvga qarshi asosli sabablari bo’lishiga qaramay, o’rtada jiddiy masalalar turgani bois, bitim, baribir, imzolanadi.

NATO 2014-yilning oxirigacha Afg’onistondagi harbiy missiyasini yakunlashi kutilmoqda. Vashingtonga ko’ra, terrorizmga qarshi kurash davom etishi hamda bir guruh amerikalik harbiylarning mamlakatda qolib, afg’on kuchlarini tayyorgarlikdan o’tkazishi uchun xavfsizlik bitimi o’z vaqtida imzolanishi kerak.

O’tgan oy Loya Jirg’a xalq kengashi Afg’oniston rahbarini hujjatni tezroq imzolashga chaqirgan bo’lsa ham, ayrim talablari bajarilmaguncha, Karzay kelishuvga qo’l qo’yish niyatida emas.

Karzay o’tgan hafta Hindistonga qilgan safari davomida shu masalani tilga olib, AQSh kuchlari oddiy aholi uylariga bosqin uyushtirishni va dron hujumlarini to’xtatishi kerak, dedi.

“Bu shartlar 5-apreldagi saylovlargacha bajarilsa, imzo qo’yishga tayyorman. Aks holda bu masala saylovdan keyinga va yangi saylangan prezident ixtiyoriga qoldiriladi. Bu ish vaqtga emas, harakatga bog’liq”, - dedi Karzay.

Agar bitimning imzolanishi kechikadigan bo’lsa AQSh barcha askarlarini Afg’onistondan olib chiqishi mumkinligi haqidagi ogohlantirishlarni Karzay “asossiz xavotir” deb atadi.

Afg’on siyosatchilari, fuqarolik jamiyati vakillari va biznes doiralar Karzayni kelishuvni tezroq imzolashga chaqirmoqda. Ularga ko’ra, davlat rahbarining sustkashligi mamlakatda tushunmovchiliklarni keltirib chiqarmoqda.

Parlament a’zosi Xolid Pashtunning aytishicha, Karzay xalq hurmatini qozonish uchun oxiriga kelganda oyoq tirab turib oldi.

“U o’zini juda millatparvar, Afg’oniston uchun, uning kelajagi uchun qayg’uradigan odam qilib ko’rsatmoqchi. Tashqi kuchlarning qo’g’irchog’i degan nom bilan ko’rinishni istamayapti. Boshqa tomondan esa, ayrimlar nazarida Karzayning AQShdan ba’zi shaxsiy istaklari bo’lishi mumkin”, - deydi Pashtun.

Muxolif siyosatchilardan biri Humoyun Shoh Asifiyning aytishicha, prezident Karzayning Loya Jirg’a qarorini e’tiborga olmasligi millat tarixida misli ko’rilmagan voqea.

“U shaxsiy ehtiyojlarini qondirish umidida bo’lishi mumkin. Chunki xalqning juda katta qismi hamda prezidentlikka nomzodlarning deyarli barchasi bu kelishuvning imzolanishini istayapti”, - deydi u.

Karzay aprel oyida bo’lib o’tadigan prezident saylovlarida hech kimning tarafini olmasligini ta’kidlab kelayotgan bo’lsa ham, uning siyosiy raqiblariga ko’ra, AQSh bilan bitim imzosini ortga surish orqali u Vashingtondan o’zi istagan nomzodni qo’llab-quvvatlashini talab qilayotgan bo’lishi mumkin.

Prezidentning ukasi Qayum Karzay va uning yaqin yordamchisi, sobiq tashqi ishlar vaziri Zalmay Rasul prezidentlik uchun yetakchi nomzodlardan.

Kobullik siyosiy sharhlovchi Said A’zamning aytishicha, amaldagi prezidentning betaraf qolishi mumkin emas.

“Karzay inson sifatida, shaxs sifatida, shu davlatning fuqarosi sifatida nomzodlardan birini qo’llashi mumkinligini ochiq aytgan. Shuning uchun u kimningdir yonini olib, yangi hukumatda ham o’z so’ziga ega bo’lishga urinadi. Chunki u kelasi 5-10 yilda qabul qilinadigan qarorlarga hech qanday ta’sir ko’rsata olmaydigan shunchaki sobiq prezident bo’lib qolishni istamaydi”, - deydi tahlilchi A’zam.

Kuzatuvchilarga ko’ra, Karzayning bunday betaraf pozitsiyada qolishiga hech kimning ko’zi yetmaydi. Bu hol davom etgan sari Karzay mamlakat taqdiri bo’yicha kuzatilayotgan siyosiy tortishuvlar markazida bo’lishi aniq. U so’nggi yillarda o’zini aynan shu rolda ko’rishga odatlangan.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG