Breaking News

Afg'onistonda yuzlab odam tabiiy ofat qurboni bo'lgan


Badaxshon viloyati
Badaxshon viloyati
Kuchli yog’ingarchilik va sellar oqibatida Afg’oniston shimoli-sharqida yer o’pirilib, yuzlab odam bedarak yo’qolgan. Ularning halok bo’lgani taxmin qilinmoqda.

Halokatlarni boshqarish milliy idorasi rahbari Doim Kakar “Amerika Ovozi”ning Afg’oniston xizmatiga Badaxshon viloyatining Argo tumanida qutqarish ishlari avjida ekanini bildirdi. Qariyb 300 ta xonadon loy ostida qolib ketgan, dedi u.

Abi-Barik qishlog’ida 2000 dan ziyod odam yashaydi. Ularning kamida 700 nafari bedarak yo’qolgan. Vertolyotlar va qutqaruvchilar jamoalari yo’qolganlarni qidirishda davom etmoqda, ammo ularning nobud bo’lgani ehtimoli katta.

BMT rasmiylari kamida 350 odam halok bo’lganini ma’lum qilib, rasmiy Kobul bilan omon qolganlarni qutqarish yo’lida hamkorlik qilayotganini ta'kidladi.

Yer o’pirilishlari davom etishidan xavotirda bo’lgan rasmiylar bir necha yuz odamni halokat hududidan evakuatsiya qilishni buyurgan.

Vashingtondagi matbuot konferensiyasi chog’ida AQSh prezidenti Barak Obama jabrdiydalar oilalariga ta'ziya izhor etdi.

“Bu dahshatli fojeani boshdan kechirgan Afg’oniston xalqiga hamdardlik bildiramiz”, - dedi Obama.

Kuchli yomg’irlar esa davom etmoqda. O’tgan hafta Juzjon, Faryob, Saripul va Badg’is viloyatlarida kamida 95 odam nobud bo’lgan edi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG