Afg'oniston va qo'shni Pokistonning pushtu hududlarida jangarilar yosh mutaxassislar, maktablar va jamiyatning ziyoli a'zolarini nishonga olmoqda. Eskpertlarning aytishicha, bunday taktikadan maqsad - savodsiz yoshlar sonini ko'paytirish, chunki aynan shunday yigitlar jangarilar saflariga qo'shilishga moyil.
Terror xurujlarida yuzlab o'qimishli afg'onlar nobud bo'ldi, maktablar vayronaga aylandi yoki toliblar va boshqa jangari guruhlar tomonidan yopildi. O'tgan oyda Kobuldagi Afg'oniston universitetiga hujum qilinganida bir necha talaba va o'qituvchi halok bo'ldi.
Undan oldin bir amerikalik va bir avstraliyalik professor ishga ketayotganida o'g'irlab ketilgan edi. Ziyolilarga hujumlar Pokiston shimolidagi Balujiston va Paxtunxva viloyatlarida ham ko'paygan.
O'tgan oyda Balujiston poytaxti Kvetta shahrida xudkush terrorchi o'zini portlatishi oqibatida kamida 65 huquqshunos nobud bo'ldi, yana 80 odam jarohatlandi. Hujum uchun mas'uliyatni ham Toibon, ham "Islomiy davlat" to'dasi o'z zimmasiga oldi. Nishonga yana jamiyatda ekstremizm, savodsizlik va qashshoqlikka qarshi kutashayotgan ziyolilar, o'qimishli odamlar olindi.
Shu yil boshida Bachaxon universitetiga qilingan hujum ham kamida 21 odam, asosan talabalar yostig'ini quritgan edi. Undan so'ng Tolibon fraksiyasi mamlakat bo'ylab maktablarni nishonga olishni va'da qildi.
Afg'on jamiyati poydevoriga hujumlar
Talabalarga va bilim maskanlariga hujum qilib, jangarilar yosh avlodning ta'lim olish imkonlarini kamaytirmoqchi, deydi tahlilchilar.
“Bu shunchaki bir ta'lim maskaniga hujum emas, butun afg'on jamiyatining poydevoriga, yosh avlodga, mamlakat kelajagiga hujum", - deya yozdi yaqinda "New York Times" gazetasida Afg'onistonning AQShdagi elchisi rafiqasi Loil Mohib.
“O'quv muassasalariga hujum qilib, terrorchilar aholining eng iqtidorli, eng o'qimishli vakillarini, mamlakat kelajagini nishonga olmoqda. Bundan-da kattaroq fojea yo'q, chunki Afg'oniston va Pokiston aholisining aksar qismi - aynan yoshlardir", - deydi Vudro Vilson markazidan tahlilchi Maykl Kugelman.
Bo'shliq yaratish
"O'qish, yangi ish topish imkonidan judo bo'lgan yoshlarning jangarilarga qo'shilishi osonroq, - deydi peshovarlik tahlilchi Xadim Husayn. - Hujumlardan maqsad - ijtimoiy, madaniy va siyosiy bo'shliqni yaratish".
Va jangarilar o'z maqsadiga erishmoqda, deydi ekspertlar.
"Bu bo'shliqni to'ldirishga yana 50 yil kerak, deydi odamlar. Ammo menimcha, buning uchun undan-da ko'proq vaqt talab qilinadi. Balki bu bo'shliq hech qachon to'lmas", - deya fikr bildiradi Nasibulla Ochaqzoy ismli pokistonlik huquqshunos.
Talabalar ham bunday vaziyatdan xavotirda.
"Terrorchilar afg'onlarning o'qishini, bilim olishini istamaydi, shuning uchun o'quv yurtlariga hujum qilmoqda", - deydi Afg'onistondagi Amerika universiteti talabasi Sodiqulla Ahmadzoy.
Progress bor, ammo yetarli emas
2001-yilda Tolibon hokimiyatdan quvilganidan buyon afg'onlar ta'lim sohasida sezilarli yutuqlarga erishdi.
Jahon Banki ma'lumotlariga ko'ra, 2011-yilda 7,8 million yoshlar bilim olayotgan edi, ulardan 2,9 million nafari - qizlar. Ammo savodxonlik darajasi hamon past - 39 foizga teng. 2013-yilda o'qituvchilarning yarmi xalqaro mezonlarga javob bermasligi aniqlangan edi.
Pokistonda esa ayrim qishloq hududlarda savodlilar erkaklarning 64 foizini tashkil etadi. Xotin-qizlar orasida esa 14 foiz.
Jangarilar yoshlarni nishonga olar ekan, ularning o'qishni tashlamasligi muhim. "Yana hujum bo'lsa ham, o'qishni davom ettiramiz. Hech kimdan qo'rqmaymiz", - deydi Amerika universiteti talabasi Roman Dehsabziy.