Afg’oniston hukumati mamlakatda xavfsizlik va iqtisodiy taraqqiyotni ta’minlashga harakat qilmoqda, biroq bu oson bo’lmayapti. AQShning Nebraska shtati olimlari bu davlat ta’lim tizimini yaxshilashga hissa qo’shmoqda.
Omaxa shahrida joylashgan Nebraska universitetida 1972-yildan beri Afg’onistonni o’rganish markazi ishlaydi.
Markaz direktori o’rinbosari Abdul Rahim Yosir Afg’onistonning muhtoj maktablariga 16 million dona darslik yuborisda yordam berdi.
“Kitoblarni butun mamlakat bo’ylab tarqatdik. Tolibon hukmronlik qilgan yillarda ham shu darsliklardan foydalanishgan, chunki ehtiyoj katta edi”, - deydi u.
Markaz yangi direktori Sher Jon Ahmadzoy ham yaqin o’tmishda ana shu darsliklar bo’yicha o’qigan.
Markaz afg’on o’qituvchilari malakasini ham oshiradi.
“Bu yerga kelganlarning aksariyati ayollar edi. Ularni tayyorladik, yangi metodikani o’rganishdi, Afg’onistonga qaytib borib, hamkasblarini ham o’qitishdi”, - deydi Ahmadzoy.
Tolibon hukmron davrda qizlarning ta’lim olishi, ayollarning muallimlik qilishi taqiqlangan edi, bugun esa maorifda ularning roli katta.
Biroq Ahmadzoyning aytishicha, zo’ravonlik va qashshoqlikka barham berilmas ekan, yutuqlar boy berilishi mumkin. Afg’onlar qochqin sifatida Yevropaga bosh olib ketmoqda, deydi u.
“Qochqinlarning eng ko’pi Suriyadan, ulardan keyin esa son jihatdan afg’onlar turibdi. Ana shundan Afg’onistonda vaziyat qandayligini bilsa bo’ladi”, - deydi markaz direktori.
Biroq Sher Jon Ahmadzoy yorqin kelajakdan umidini uzmayapti.
“Umuman olganda, Afg’oniston to’g’ri yo’ldan ketmoqda, uzoq muddatda ijobiy manzarani ko’rish mumkin”, - deydi u.
Ahmadzoyning aytishicha, Afg’onistonni o’rganish markazi ko’p ishlar qildi, universitet talabalari va o’qituvchilari, Omaxa aholisiga Afg’onistonni hamda xalqining yorqin kelajak uchun kurashini yaxshiroq tushunishga yordam berdi.