Breaking News

Afg'on ayollari huquqlari tahdid ostida


Afg'onistonlik politsiyachi ayollar, Hirot viloyati
Afg'onistonlik politsiyachi ayollar, Hirot viloyati
Inqirozlarni o’rganuvchi xalqaro tashkilot hisobotida aytilishicha, xorijiy qo’shinlar Afg’onistonni tark etishga hozirlanar va konservativ kuchlar borgan sari hokimiyatga kelar ekan, ayollar ahvoli yomonlashmoqda, ijtimoiy hayotdan uzoqlashtirilmoqda.

Hisobot “Afg’onistonda ayollar va mojaro” deb nomlanadi. Xalqaro inqirozlar guruhiga ko’ra, ayollar huquqlari qonunchilikda erkaklarnikiga tenglashtirilgan bo’lsa-da, kamsitilish hollari ko’p uchraydi, hukumat idoralari va politsiyada professional o’sishda ko’p to’siqlarga duch kelishadi.

So’nggi paytlarda amaldor ayollarga nisbatan hujumlar ko’paygan, jumladan qonunchi ayollarga. Ayrimlari o’ldirilgan. Beqarorlik va davomiy zo’ravonliklar ayollarning siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy mavqesiga tahdid solmoqda.

Jangarilar qizlar maktabiga hujum qilib, hech kimni ayamayapti. Muallimalar va shifokor ayollar xavfsizlik nuqtai nazaridan chekka joylarda ishlashdan bosh tortmoqda. Bu esa qishloq xotin-qizlarining sifatli ta’lim va tibbiy yordam olish imkoniyatlarini cheklamoqda.

Kelasi yil aprel oyiga belgilangan prezident saylovlari, guruh nazarida, ayollar huquqlarini kuchaytirishga yaxshi imkoniyat bo’lishi lozim. Tashkilot Karzay hukumatini saylov haqidagi qonunga kiritilgan so’nggi tuzatishlarni bekor qilib, ayollarning viloyat kengashlaridagi kvotasini tiklashni so’ramoqda. Oldin kengashning to’rtdan bir qismi, ya’ni 25 foizi ayollarga ajratilgan bo’lsa, endi ularning soni kengash tarkibining beshdan bir qismiga teng bo’ladi, ya’ni 20 foizga.

Tolibon hukmron yillari ayollar o’qish yoki ish tugul ko’chaga yolg’iz chiqa olmasdilar, yuzlarini yopib yurishga majbur edilar. Bugunga kelib deyarli har bir sohada ayollarni ko’rsa bo’ladi. Qonun ularning huquqlarini kafolatlasa-da, ko’p hollarda qog’ozda qolib ketadi. Ularga qarshi zo’ravonliklarning oz qismigina sudgacha yetib boradi, aksariyatini esa erkaklar hukmron mahalliy kengashlar hal qiladi.

Xalqaro inqirozlar guruhi Afg’oniston hukumatini ayollarni Tolibon bilan tinchlik muzokaralari jarayoniga yaqinlatmayotganlikda tanqid qiladi. Tashkilot toliblar bilan muloqotda ayollar huquqlari ko’tarilib, rasmiy ravishda kafolatlanishini talab etmoqda.

Guruh xalqaro hamjamiyatni afg’on ayollari huquqlarini himoya qilishga, Kobuldan ularning e’zozlanishini talab qilishga hamda ayollar uchun dasturlarni moliyalashga chaqiradi.

Xalqaro inqirozlar guruhi tahlilchisi Sofi Dezoliyerning aytishicha, Afg’oniston tarixida bunchalik ko’p ayol ijtimoiy hayotda faol bo’lmagan. Politsiyachilarning bir foizini ayollar tashkil etadi. Biroq kurash davom etmoqda, deydi u.

“Hukumat va parlament konservativ kuchlar bosimi ostida orqaga chekinishga, ayollar huquqlarini qo’llab-quvvatlovchi qonunlarni o’zgartirishga harakat qilishi mumkin”, - deydi ekspert.

Guruhning yana bir tahlilchisi Samina Ahmadning aytishicha, ayollarning jamiyatdagi rolini oshirish uchun mamlakatda tinchlik hukm surishi lozim.

“Tolibon bilan muzokaralarda yoki ichki siyosiy jarayonlar davomida ularning huquqlaridan siyosiy savdolashishda foydalanish barqaror va demokratik jamiyatga o’tish istiqbollariga bolta uradi”, - deydi Samina Ahmad.
XS
SM
MD
LG