Misrda prezident Husni Muborak hokimiyatdan ag’darilganiga bir yil to’ldi. G’arbu sharq bilan hamkorlik qilib kelgan uzoq yillik rahbar xalq talabi bilan lavozimni bo’shatgani olamshumul bir yangilik bo’lgan edi.
Nochorlik botqog’idan chiqa olmay kelayotgan Afrika ahli bugun uyg’ongan, deydi qit’adagi vaziyat bilan yaxshi tanish olimlar. Norozilik namoyishlari demokratik jarayon sifatida ko’riladi, tub islohotlar davri kelgani tan olinadi.Afrika ko’chalarida zo’ravonliklar, qon to’kilishlar yoki ochlikdan jon berish yangilik emas. Senegalda avj olgan namoyishlarda o’nlab kishi nobud bo’ldi. Haloyiq ularni dafn etib, yana ko’chaga chiqdi. Chunki, deydi faollar, prezident Abdulay Vadening uchinchi bor prezident etib saylanishga haqqi yo’q. Hukumat kuch bilan bizni qo’rqita olmaydi, deydi ular.
Jarayonni yaqindan kuzatayotgan siyosatshunos Valid Fares fikricha, namoyishlar hali-beri tinmaydi. Sudandan Senegalgacha – Afrikaning barcha avtoritar mamlakatlarida norozilik chiqishlari avj olmoqda.
Ularni uyushtirayotganlar esa fuqaro jamiyati faollari va radikal islomiy guruhlar. Internet va uyali telefonlar asosiy aloqa vositasiga aylanmoqda.“Texnologiya rivojlanar ekan, isyonlar ko’payaveradi, chunki qayerda bo’lmang, internetga bog’lanib, boshqalar bilan aloqa qilishingiz mumkin. Tunis yoki Misr, Bing’ozi va Tripolidagi singari qo’zg’olonlar bo’lmasligi mumkin, ammo namoyishlar muqarrar”.
Afrika bo’yicha mutaxassis Karl Levan nazarida aholini ko’chaga olib chiqadigan asosiy sabablar bu qashshoqlik va adolatsiz saylovlar .
“Jamiyatlar avtokratiya, yakkahokimlikdan to’ygan. Saylov desa, odamlar har safar umidga to’lib, ovoz beradi, lekin yana o’sha diktator saylanadi. Konkret o’zgarish, taraqqiyot yoki erkinlikdan darak yo’q. Odamlar mana shundan to’ygan”.
Konstitutsiyani o’zgartirib, avtoritar rahbarning hokimiyatda qolishini kafolatlash odatiy holga aylangan.
Ekvatorial Gvineya rahbari Teodoro Obyang Nguema va Angola rahbari Eduardo dos Santos 1979-yildan buyon, Zimbabve rahbari Robert Mugabe esa 1980-yildan buyon mana shunday yo’llar bilan hokimiyat tepasida.Bu neftga boy mamlakatlar aholisi esa qashshoqlikda yashaydi.
Namoyishchilar bosimi ostida Nigeriya hukumati benzin narxini pasaytirishga qaror qildi.
O’tgan oy poytaxt Lagosdagi qozg’olonda qatnashgan muhandis Adeboy Forova deydiki, rahbarlar asl holatdan bexabar.
“Ular saroylaridan ko’chaga bir chiqib, atrofda nimalar bo’layotganini o’z ko’zi bilan ko’rishi kerak”.
Hukumat va xalq bir-biridan uzoq ekan, norozilik tusi kengayib boraveradi. Namoyishga chiqayotganlar nafaqat yoshlar va o’rta yoshli faollar balki keksalar va bolalar.
Hokimiyatni ko’zlab yurgan mutaassib kuchlar fursatdan foydalanib, odamlarni o’ziga ergashtirishga, diniy tuzum barpo etish yo’lida harakat qilishga undamoqda. Lekin ko’plab afrikaliklar ulardan ham to’yganini aytadi. Bizni zulmat tomon sudraydigan emas, yangi zamonga olib kiradigan liderlar kerak, deydi ular.