Pokistonda sobiq bosh vazir Imron Xon va uning safdoshlari qamalganiga qaramay, uning “Tahriki Insof” partiyasidan nomzodlar 8-fevral saylovida parlamentda eng ko’p o’rin egallashga muvaffaq bo’ldi.
"Saylovchilar partiyaga qarshi barcha kuchlarga qarshi ovoz berdi degan bo’lardim”, - deydi “Tahriki Insof” partiyasining vakili Valid Iqbol.
Kuzatuvchilar saylov natijalari Imron Xon va safdoshlarini siquvga olgan harbiylarga signal bo’lganini aytadi. Pokistonda harbiylar siyosatda tarixan katta rol o’ynaydi.
"Bu harbiylar siyosati oddiy xalqga to’g’ri kelmasligini bildiruvchi signaldir”, - deydi tahlilchi Hasan Askariy Rizviy.
Partiya rahbariyati saylovda qatnasha olmagani uchun “Tahriki Insof”dan nomzodlar poygada mustaqil nomzod sifatida qatnashgan. 101 ta mustaqil nomzod parlamentga kirgan bo’lsa, shulardan 93 nafarini “Tahriki Insof” qo’llab-quvvatlagan. Sobiq bosh vazir Navoz Sharifning “Musulmon Ligasi” 75 ta o’rinni egallagan.
“Tahriki Insof” partiyasi yetakchilari yangi deputatlar bosimga uchrab, raqib partiyalarga qo’shilishga majburlanishidan xavotirda.
"Bu insofsiz va buzuq amaliyotlar orqali amalga oshirilishi mumkin. Ovozlarni sotib olish, tahdid solish, nomzodlar va oila a’zolarini qo’rqitish orqali, masalan”, - deydi Valid Iqbol.
Siyosatshunos Rizviyning aytishicha, “Tahriki Insof”ning saylovdagi kutilmagan muvaffaqiyati harbiy rahbariyatni Pokiston siyosati ustidan nazoratdan voz kechishga majburlay olmaydi.
“Harbiylar partiyaga hukmron koalitsiya tuzishga imkon bermaydi”, - deydi u.
Saylov natijalari darrov ma’lum bo’lmadi, bir necha soatga kechikdi. Imron Xon partiyasining da’vo qilishicha, yirikroq g’alabaning oldini olish uchun bu vaqt oralig’ida saylov natijalari soxtalashtirilgan, biroq saylov komissiyasi natijalar kech e’lon qilinganini internet aloqadagi muammolar bilan izohladi.
”Tahriki Insof” Imron Xonning sun’iy idrok yordamida tayyorlangan g’alaba nutqini chop etdi.
Uch karra sobiq bosh vazir Navoz Sharif ham partiyasi saylovda g’alaba qozonganini da’vo qildi. Harbiylar bosh vazir kursisida uni ko’rmoqchi ekani haqida taxminlar yangramoqda.
Pokistonni siyosiy barqarorlik kutyaptimi yoki beqarorlik, yaqin kunlarda ma’lum bo’ladi. Bosh vazirlik kursisini parlamentda kamida 169 ta o’rin olgan partiya yoki koalitsiya rahbari egallaydi.
Sharifning “Musulmon Ligasi” partiyasi hamda poygada 53 ta o’rin bilan uchinchi o’rinni egallagan Bilavol Bxutto-Zardariyning “Pokiston Xalq partiyasi” siyosiy barqarorlikni ta’minlashda hamkorlik qilishga kelishdi.
Bu ikki partiya Imron Xonni hokimiyatdan chetlatish uchun 2022-yilda ittifoq tuzib, o’tgan yil avgustigacha hukumatni birgalikda boshqargan.
Lekin bu ikki partiya deputatlarini qo’shib hisoblaganda ham bo’lajak koalitsiya ko’pchilik o’rinlarga ega bo’lishi uchun Sharif va Bxutto yana 41 ta deputatni o’z tomoniga og’dirishi kerak bo’ladi.