Breaking News

AQSh Kongressi a'zolari Pokistonda vaziyat izdan chiqmaydi degan umidda


Pokistonda parlament saylovida berilgan ovozlar sanalmoqda, Islomobod, 8-fevral, 2024
Pokistonda parlament saylovida berilgan ovozlar sanalmoqda, Islomobod, 8-fevral, 2024

Pokiston bugun parlamentga ovoz berdi. Bosh vazir kim bo'lishi uning natijasiga bog'liq.

Vashington vaziyatni yaqindan kuzatmoqda. Harbiylar boshqarib kelayotgan tuzumning kelajagi bu davlatning hamkorlarini, jumladan AQShni xavotirga solib keladi.

Sobiq bosh vazir, Pokistonning eng taniqli siyosatchisi Imron Xon qamoqda, uning partiyasi saylovga yaqinlashtirilmagan.

Kaliforniyadan demokrat qonunchi Bred Sherman
Kaliforniyadan demokrat qonunchi Bred Sherman

AQSh Kongressining demokrat a'zosi, Kaliforniyadan saylangan Bred Sherman fikricha, saylovlar mukammal o'tishi biror mamlakatda mumkin emas, ammo Pokistondagisi bu safar ayniqsa bag'oyat nodemokratik.

"Biz demokratiya ustuvor bo'lsin, deymiz. Pokiston konstitutsiyasi bo'yicha mutaxassis emasman. Lekin yetakchi da'vogarlar maydonga chiqa olmasligi, uning partiyasi man etilishi, xalq olqishlagan odamlarning tizimdan uzoqlashtirilishi demokratiya emas.

Sherman Imron Xonni quvvatlamaydi, ammo saylov erkin raqobat maydoni bo'lishi kerak, deb hisoblaydi.

72 yoshli Imron Xon bu yili qator yirik jinoyatlarda aybdor deb topilib, 30 yildan oshiq davrga qamoq jazosiga mahkum etilgan. Ayblarning birortasini u tan olmaydi va harbiy rahbarlarni uydirmada qoralaydi.

Texasdan demokrat qonunchi Shila Jekson Li
Texasdan demokrat qonunchi Shila Jekson Li

AQShning bu davlat bilan yaqindan ishlaydigan siyosatchilari barqarorlik bo'ladi, deya umid qilmoqda.

Texas shtatidan demokrat qonunchi Shila Jekson Li deydiki, Amerika - katta sondagi pokistonliklarga yangi vatan va ular ona yurtidagi vaziyatdan xavotirda.

"Bu pokistonliklarning AQSh siyosatidagi roli kuchli, mahalliy va federal hukumatga ta'sir qila oladigan darajada salohiyatli muhojirlar", - deydi Jekson "Amerika Ovozi bilan suhbatda.

Kongress a'zolariga ko'ra, Pokistonda saylovlar adolatli kechib, natija 240 millionlik jamiyatni farovonlik tomon yetaklashi kerak.

"Biz Pokistonga demokratiya tilaymiz. Kelajak uning xalqi qo'lida bo'lishi kerak. Saylovda kim yutishidan qat'i nazar, bu jarayon Pokistonda tinchlik va ravnaqni ta'minlashi kerak. Bizning umidimiz shu", - deydi Jekson.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG