Breaking News

Pokistonda qolib ketgan afg'on uchuvchilari AQShga ko'chish umidida


Pokiston poytaxti Islomobod chekkasidagi gavjum binoning uchinchi qavatida joylashgan kichkinagina kvartirada olti nafar afg‘on erkagi an’anaviy yashil choydan ho‘plamoqda. Ularning asosiy vaqti telefonlariga termilib, AQShga ko’chish bo’yicha topshirgan arizalari taqdiri nima bo’lgani haqida elektron pochta xabarini kutish bilan o’tadi.

2021-yil avgustida Tolibon Kobulni qo’lga kiritgan paytda bu yigitlar Afg‘oniston armiyasida uchuvchi va muhandis bo‘lib ishlagan. Tolibon o’ch olishidan qo’rqib, yuzlab hamkasblari kabi mamlakatni tark etishgan.

Pokistonga kelganiga qariyb 18 oy bo’ldi; hanuzgacha AQShga ketish uchun ruxsat ololgani yo’q.

“Ba’zi do’stlarim Yevropaga odam savdogarlari yordamida yetib olishdi. Agar so‘nggi 18 oy davomida bu yerda sarflagan pullarimni yig’ib, bu pulni o’shalarga sarflaganimda hayotim yaxshiroq bo‘lardi”, - deydi ismi oshkor qilinishini istamagan sobiq uchuvchilardan biri.

"Men hozirga qadar Yevropa davlatlaridan birida boshpana topgan bo'lardim", - deydi 27 yoshli yigit.

Tolibon hokimiyatga qaytgan dastlabki oylarda AQSh 90 mingga yaqin afg‘onni qabul qildi. 2022-yil boshida Vashington qochqinlarni qabul qilish dasturini e’lon qildi va shu asosda yana minglab afg’onistonliklar AQShga ko’chish uchun ariza topshirdi.

Bu dasturga hujjat topshirish uchun qochqinlar birinchi navbatda uchinchi davlatga chiqishlari kerak. U yerdan turib ular qayta joylashtirish jarayonini boshlash uchun Davlat departamentiga murojaat qilishlari mumkin. Uchuvchilar Pokistondan ariza topshirishga qaror qildi, chunki u yerga Afg'onistondan o’tish ancha oson va Erondan farqli ravishda Islomobod AQSh bilan diplomatik aloqalarga ega.

Davlat departamenti veb-saytida yozilishicha, arizalarni ko'rib chiqish 12 oydan 18 oygacha vaqt olishi mumkin.

Uchuvchilar ko‘chirishni qo‘llab-quvvatlash markazida oldindan ko‘rikdan o‘tadi. Shundan so‘ng AQSh immigratsiya xizmati xodimi ishtirokida interyu, xavfsizlik tekshiruvlari va tibbiy ko‘rik o‘tkaziladi.

Bayden ma'muriyati xodimlar sonini oshirganiga qaramay, AQSh Fuqarolik va Immigratsiya xizmatining qochqinlar bilan ishlash bo'limida lavozimlarning deyarli to'rtdan bir qismi hali ham to'ldirilmagan.

Ishlar cho'zilgan sayin, arizachilarning sabr-toqati va puli kamayib boradi

Ishni ko'rib chiqish jarayonida bo'lajak qochqinlar uchinchi mamlakatda o'zlarini boqish imkoniyatiga ega bo'lishlari kerak. Pokistonda muddati o‘tgan viza bilan yashayotgan afg‘on uchuvchilar uchun ish topish qiyin. Ularning aksariyati ishsiz va kun o’tkazish uchun ortda qolgan oilalaridan pul olib turadi.

Shaxsini sir saqlash uchun o’zini Ahmad deb tanishtirgan afg‘on uchuvchisi “Amerika Ovozi” bilan suhbatda Afg‘onistonni tark etishdan oldin uy-ro‘zg‘or buyumlarini sotib yig‘gan puli tugaganini aytdi.

"Endi men xotinimning taqinchoqlarini sotishni boshladim", - deydi u.

O’zini Tavhid deb atashni so'ragan yana bir uchuvchining aytishicha, ikki qizining kelajagi nima bo'lishini bilmaslik stressi uning sog'lig'i bilan bog'liq muammolarni keltirib chiqargan.

"Menda yuqori qon bosimi bor, qandli diabet, ruhiy salomatlik muammosi va depressiya bor", - deydi u.

Noaniqliklarga qaramay, uchuvchilar Afg‘onistonga qaytib keta olmasligini aytishdi, chunki Tolibon ularni kechirmasligi mumkin. Ahmadning aytishicha, Tolibon ularni qidirmoqda.

“Ular ko'p marta kelib uyimni tintuv qilishdi. Ko'p kitoblarimni olib ketishdi, chunki menda inglizcha kitoblar ko'p edi. Ular men olgan mukofotlarning bir qismini ham olishdi”, - deydi Ahmad.

Taxminan 40 nafar afg‘on uchuvchisi Pokistonda va AQShga ko‘chirilishini kutmoqda.

“Bizga bu yerga kelishni maslahat bergan amerikalik do‘stlarimizdan norozimiz”, - deydi ulardan biri.

“Amerika Ovozi” Davlat departamentiga ma’lumot olish uhcun bog’langan, biroq maqola chop etilgunga qadar biror javob olmadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG