Breaking News

Al-Qoida Afrikaga ko'chib o'tishi mumkin


Afrikada so'nggi yillarda mahalliy terrorchi guruhlarning jonlangani kuzatilmoqda. Suratdagi shikastlangan mashina Nigeriyaning Boko Xaram terrorchi guruhi tomonidan cherkov yonida portlatilgan. 25-dekabr, 2011-yil.
Afrikada so'nggi yillarda mahalliy terrorchi guruhlarning jonlangani kuzatilmoqda. Suratdagi shikastlangan mashina Nigeriyaning Boko Xaram terrorchi guruhi tomonidan cherkov yonida portlatilgan. 25-dekabr, 2011-yil.

Somalidan tortib Nigeriya va Maligacha, Afrikaning sharqidan g’arbigacha islomiy guruhlar faollashgan. Qit’ada al-Qoidaga aloqador ekstremist guruhlar kuchaygan. Ayrim tadqiqot natijalari shundan dalolat bermoqda.

NATO kuchlari bosimi ostida Afg’onistondan siqib chiqarilayotgan al-Qoida rahbariyati xorijdan o’zi uchun yangi joy qidirmoqda. “RUSI” nomli Londonda joylashgan xavfsizlik masalalarini o’rganuvchi guruh tahlilchisi Valentina Soriyaning aytishicha, bundan buyon Afrika terrorchi guruhlar uchun yangi makon vazifasini bajarishi mumkin.

“Hozir al-Qoida markaziy rahbariyatining asosiy maqsadi Afrikadagi al-Shabab kabi o’zlariga o’xshagan guruhlar bilan strategik aloqa o’rnatish hamda Arab yarimorolidagi al-Qoida (AYAQ) guruhi va boshqa shu kabi tashkilotlar bilan mavjud munosabatlarni yanada kuchaytirish. Ular bu beqaror o’lkalarda mustahkam o’rnashib olishni ko’zlayapti”, deydi tahlilchi Soriya.

Yana uning aytishicha, al-Qoidaning islomiy shiorlar bilan o’ralgan global da’vosi Somalida al-Shabab tarafdorlarining ko’payishiga hissa qo’shayotgan omillardan.

“Bu guruhlar birinchi navbatda o’z saflarini yangi a’zolar bilan to’ldirishga kirishadi. Odamlarga, odatda, bu guruhlarning mahalliy rejalaridan ko’ra, xalqaro maqsadlari jozibaliroq ko’rinadi”, deydi tahlilchi.

Valentina Soriyaning aytishicha, Afrikada al-Qoidaning ittifoqdosh tuzilmalari bor. Ular mahalliy islomchi guruhlarga yo’l-yo’riq ko’rsatib turadi. Nigeriyadagi nasorolar va hukumatga qarshi hujumlar uyushtirgan Boko Xaramni ana shunday mahalliy terrorchi guruhlar safiga qo’shish mumkin.

“Boko Xaram jangarilarini tayyorgarlikdan o’tkazadigan mutaxassislar bor. Shiningdek, ular Arab yarimorolidagi al-Qoida va al-Shabab guruhlari tomonidan tashkil etilgan lagerlarda sinovdan o’tadi”, deydi Soriya.

Tahlilchining aytishicha, g’arbiy Afrikada yaqinda boshlangan ziddiyatlar, masalan, shimoliy Malida ro’y bergan Tuareg qo’zg’oloni radikal guruhlarning jonlanishiga turtki bo’ldi.

“Masalan, Liviyada qurol-aslaha topish osonlashib, Arab yarim orolidagi al-Qoida guruhi kuchaygan bo’lsa, Malida yuz bergan inqiroz al-Qoidaning bu hududda G’arbga qarshi bosh ko’tarishiga imkon yaratdi”, deydi Soriya.

Britaniyaning Qirollik Afrika jamiyati rahbari Richard Doudenning aytishicha, al-Qoida va uning hamkorlari qit’aga yangicha urush turini olib kirmoqda.

“Diniy harakat, ya’ni islomiy harakat tuzib, mashinalarni portlatish va shu kabi taktika ilgari kuzatilmagan yangilik”, deydi u.

Daudenning tashvish bildirishicha, Somalidagi al-Shabab kabi islomchi jangari guruhlar faoliyati butun qit’aga yoyilishi mumkin.

“Menimcha, ular islomiy davlat qurmoqchi. Ammo Nigeriyada bo’layotgan ishlar mutlaqo boshqacha. Malida va o’sha yer atrofida ro’y berayotgan hodisalar ham o’ziga xos. Ularning barchasi islomiy fundamentalizmdan ta’sirlangani aniq, lekin ular bir joydan boshqarilyapti deyish qiyin”, deydi tahlilchi.

Tahlilchilar bu kabi terrorchi guruhlarning Nigeriya va Mali singari joylarda xavfsizlik uchun jiddiy tahdid ekanidan ogohlantirib keladi. Ularni tashvishlantirayotgan yana bir narsa shuki, bunday oqimlar xorijdagi ayrim shaxs yoki guruhlarga ilhom manbai vazifasini o’tab, G’arbning o’zida ham terror amaliyotlarining sodir bo’lishiga sabab bo’lishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG