Breaking News

Al-Qoida xurujini fosh etishda Saudiya Arabistoni yordam bergan


Al-Qoida xuruji fosh etilishi ortidan AQSh aeroportlarida xavfsizlik choralari kuchaytirildi.
Al-Qoida xuruji fosh etilishi ortidan AQSh aeroportlarida xavfsizlik choralari kuchaytirildi.

Yaqinda al-Qoidaning AQShga uchayotgan samolyotni portlatish rejasi fosh etildi. O’zida portlovchi bombani tashigan shaxs Saudiya Arabistoni xavfsizlik xizmatiga ishlaydigan josus bo’lib chiqdi.

Dushman orasiga o’z odamini qo’yish har bir xavfsizlik xizmati oldidagi eng katta vazifadir. AQSh va Saudiya Arabistoni razvedkalari arab yarimorolidagi al-Qoida guruhiga qarshi kurashda buni uddalagan ko’rinadi.

Xabarlarga qaraganda, kiyim ostiga yashiringan murakkab bombani samolyotga olib chiqish uchun al-Qoida tomonidan yollangan passajir har ikki davlat xavfsizlik xizmatlari bilan aloqada bo’lgan. Agent Britaniya fuqarosi ekani aytiladi. U portlovchi moslamani xavfsizlik kuchlariga topshirgan.

AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi sobiq rahbari Maykl Xeydenning aytishicha, bunday operatsiyalar juda murakkab va uzoq vaqt talab etadi.

“Aloqa o’rnatib, ishonchini qozonib, ularning ichiga kirib borishingiz kerak. Bu katta sabr-bardosh talab qiladi. So’nggi voqealar arab yarimorolida, Yamanda al-Qoidaga qarshi uzoq yillar olib borilgan harakatlar mevasidir”, - deydi Xeyden.

Bu kabi amaliyotlarni amalga oshirishda AQSh o’sha hududni yaxshi biladigan, odamlar orasiga kira oladigan mahalliy hamkorlar yordamiga tayanadi.

Harbiy tahlilchi Sebastiyan Gorkaning aytishicha, Saudiya Arabistoni razvedkasi doim ham ishonchli hamkor bo’lmagan. Ayniqsa, 2001-yil 11-sentabr fojiasidan keyingi yillarda orada ishonchsizlik yuqori edi. Al-Qoida Saudiya Arabistonini ham nishonga ola boshlagach, hamkorlik kuchaydi.

“Dastlab quruq va’dalar ko’p bo’ldi. Yuqori martabali saudiylar va mansabdorlar Osama bin Laden va boshqa radikal tashklotlarga xayrixohlik bildirib turgan bir paytda buni tushunish mumkin. 2004, 2005 va 2006-yillarda al-Qoida Saudiya Arabistoni xavfsizlik kuchlariga hujum qilishni boshlagach, tub o’zgarish ro’y berdi”, - deydi Gorka.

Razvedka agentligi sobiq rahbari Maykl Xeydenning aytishicha, qirollikda g’arbliklarga qarshi hujumlardan rahbariyat darg’azab bo’lgan. Ichki ishlar vaziri o’rinbosari shahzoda Muhammad bin Naifning ko’rsatmasi bilan al-Qoidaga qarshi urush boshlandi va bu kampaniya agressiv ravishda olib borildi.

Natijada al-Qoida yetakchilari Yamanga qochib, alohida guruh tuzgan. Sobiq razvedkachi Ali Savfonning aytishicha, u al-Qoidaning eng xavfli hududiy bo’linmasi hisoblanadi.

“11-sentabr voqealaridan keyin al-Qoida safi ancha kengaygan. Arab yarimorolidagi qanoti shunisi bilan ajralib turadiki, uning a’zolari bevosita bin Ladenga ishlagan, jangari lagerlarida tayyorgarlikdan o’tgan”, - deydi bu borada kitob yozgan Ali Savfon.

Maykl Xeydenning qayd etishicha, Yamandagi siyosiy tanazzul al-Qoida jonlanishiga turtki berdi.

“Guruh rahbariyatiga qarshi kurashda muvaffaqiyat qozonayotgan bo’lsak-da, Yamanda al-Qoida bayrog’i hilpirayotgan hududlar, qishloqlar bor. Demak, u yerda qilinadigan ishlar hali ko’p”, - deydi u.

Suhbatdoshlarga ko’ra, terror xurujlarining oldini olish uchun 100 foiz ter to’kishga to’g’ri keladi. Ammo terroristlar o’z kuchini ko’rsatishi uchun bir xurujning o’zi kifoya.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG