Breaking News

Dunyo aholisi keksaygan sari Alsgeymer bemorlari soni ham keskin oshishi kutilmoqda


Dunyo aholisi keksaygan sari Alsgeymer bemorlari soni ham keskin oshishi kutilmoqda
Dunyo aholisi keksaygan sari Alsgeymer bemorlari soni ham keskin oshishi kutilmoqda

Insonni aqliy qobiliyatlardan, ayniqsa xotiradan ayiruvchi Alsgeymer kasalligi haqida bugun ma’lumotlar ko’p. Izlanishlar, davo usullari ustida tadqiqotlar davom etmoqda.

Kasallik alomatlari vaqtida aniqlansa, uni dori va muolaja orqali nazorat qilish, odam umrini uzaytirish mumkin.

Shunisi aniqki, deydi shifokorlar, bemorlarning aksariyati ayollar. Alsgeymerga qarshi kurash boshida turganlar ham xotin-qizlar.

Yaqinda bir necha olima va faollar AQSh Kongressiga murojaat qilib, qonunchilardan Alsgeymer bilan olishayotgan insonlar manfaati uchun mablag’ ajratishni, maxsus dasturlar joriy etishni so’radi.

Har yetti soniyada dunyoda kimdir Alsgeymer kasaliga duchor bo’ladi, deydi bu sohada izlangan va hisobot chop etgan ziyolilar.

Tadqiqot Alsgeymer jamg’armasi va Kaliforniya shtati gubernatori Arnold Shvarseneggerning rafiqasi Mariya Shrayver tashabbusi bilan olib borildi.

Shrayver bu dard nima ekanini yaxshi biladi. Uning otasi shu kasallik bilan olishib kelmoqda.
“Alsgeymerga uchraganlarning 60 foizi ayollar. Bemorlarni davolayotgan, yuvib-tarayotgan ham xotin-qizlar. Og’ir ish bu”, - deydi u.

Izlanish asosan Qo’shma Shtatlardagi vaziyatga nazar tashlaydi. Unda aytilishicha, bemorlarning uchdan ikki qismi ayollardir. Dardmand kishilarga bepul qarayotganlar qancha – asosan ayollar. Olimlar Alsgeymerni ayollar kasalligi deb atamoqda.

Doktor Ted Rotshtayn Jorj Vashington Universiteti tibbiyot markazida nevrolog. Ayollar uzoqroq yashaydi, shuning uchun bu kasalga ko’proq uchraydi, deydi u.

“Yoshi 75-85 oralig’ida bo’lgan odamlarni oling. Aksariyati ayollar. 80 dan ulug’ insonlar asosan ayol kishi bo’lgandan keyin, demak kasallik ham mana shu toifani chaladi. Alsgeymer keksalarda uchrashi va xotirani yemirishini bilasiz”.

Hisobotga ko’ra, Amerika ahli yaqin 40 yilda Alsgeymer bilan kurashga 20 trillion dollar sarflaydi. Tibbiy izlanishlar uchun ko’proq mablag’ zarur. Kasallikka qarshi kurashda pulni ayamaylik, deydi olimlar.

“Yurak xastaligi va rak uchun 6-5 milliard, Alsgeymerga doir izlanishlar uchun 500 million dollar ajratiladi. Yaqin bir necha yilda xotirani yemiruvchi bu kasallik ko’lami jihatidan saraton va yurak kasalliklaridan oshib ketadi”, - deydi Mariya Shrayver.

Doktor Rotshtayn Alsgeymer kasali chog’ida miyada yig’iladigan protein-oqsillar – tau va amiloidlar yuzasidan ko’proq tekshiruv o’tkazish kerak deydi.

“Tau oqsillariga e’tibor kuchaygan, chunki so’nggi qarashga ko’ra, Alsgeymer kasalligi o’zagi mana shunda. Amiloidlar ikkilamchi vazifani o’taydi. Demak, tau proteiniga, uning hosil bo’lish yo’li va sabablariga diqqat qaratish kerak. Holbuki, shu paytgacha olimlar, farmasevtika kompaniyalari yanglish yo’ldan borgani aytilmoqda”.

Dunyo aholisi keksayib borgani sari Alsgeymer bilan og’rigan kishilar soni ham keskin oshishi aniq. Uning davosi yo’q. Dardni yengillashtirish mumkin, xolos.

2040 yilga borib, jahonda Alsgeymer bemorlari soni 80 millionga yetishi taxmin qilinadi. 60 foizi rivojlanayotgan davlatlarda.

XS
SM
MD
LG