Breaking News

Rak-saratonga davo izlab... Amerikada yangi tadqiqotlar


Rak-saratonga davo izlab... Amerikada yangi tadqiqotlar
Rak-saratonga davo izlab... Amerikada yangi tadqiqotlar

Amerika ilm maskanlarida rak-saratonni davolash ustida tadqiqotlar davom etyapti. Klinik sinovlarda bio-texnologiyalar tobora kengroq qo’llanilmoqda.

Bugun rakka qarshi dori-darmon va muolaja usullari xilma-xil. Gap ularning qay biri effektiv ekanini aniqlashda.

Organizmda o’sma kattalashgan sari uning hujayralari qon oqimiga o’ta boshlaydi. Analizlar buni imkon boricha tezroq aniqlashi zarur. Shu yo’l bilan kasallikning oldini olsa bo’ladi.

"Lekin qon oqimida yana milliardlab boshqa hujayralar borki, aynan bizga keraklisini ajratib olish oson emas",- deydi Massachussetts kasalxonasi shifokori Dennis Xaber..

Yangi texnologiya bu ishni uddalasa ajabmas. Bunda maxsus yelim bilan qoplangan mikrochip qo’llanadi.

"Qon bu asbobdan o’tkazilganda, rak hujayrasini o’zi aniqlaydi va ular chipga yopishadi",- deydi Mexmet Toner, Massachussetts kasalxonasining yana bir doktori.

Ushbu texnologiya yordamida organizmdagi saraton hujayralari turi va sonini o’lchash mumkin. Maqsad - muolaja bemorga yordam berayaptimi-yo’qmi, shuni aniqlash, deydi doktor Elmer Uerta, Amerika Saraton Jamiyati sobiq prezidenti.

"Terapiya natija berayotgan bo’lsa, o’sma kichrayib borishi va bu rentgen va skanerda ko’rinishi kerak".

Biroq ba’zida muolaja samarasini biopsiya va rentgenda ham ko’ra olmaysiz. Bu orada o’sma kattalashib, bemor vaqt yutqazayotgan bo’lishi mumkin. Yangi sinov esa saraton ketmaganini darrov ko’rsatadi.

Foydali tarafi - bemor qanchalik sog’aygani haqida shifokor aniq ma’lumotga ega bo’ladi va shunga qarab ish tutadi.

Saraton organizmga qaytganini bu texnologiya yordamida erta aniqlay olsak, yangi dorilar bilan uning darrov oldini olsa bo’ladi.

Greg Vertos rakning o’gir turiga chalingan. Bostonda davolanaypti.

"Shifo topaman desangiz, maslahatim: kasallikni vaqtida aniqlab, muolajani tezroq boshlang", - deydi bemor.

Klinik sinovlarda hozircha faqat saraton bemorlari qatnashyapti. Bu kasallikka chalinmagan odamlar ham o’zini tekshirsa bo’ladimi degan savolga, vrachlar “hozircha yo’q”, deb javob beradi.

Rak hujayrasi har bir inson organizmida bor narsa, ular sizga ziyon qilayotgani yo’q. Bu yangicha usul bilan ularni aniqlasa bo’ladi, lekin odamlar davolananishim kerak ekan deb vahimaga tushmasin deymiz.

Sinov muddati 5 yil deb belgilangan. Doktor Elmer Uerta tibbiy ko’rikdan o’tib turishni maslahat beradi.

"Rakni davolash usullari yil sayin o’tkirlashib boryapti. Unutmangki, boshida belgisiz kechib, keyinchalik avj oladigan xastalik bu. Mukammal bo’lmasada, erta aniqlash yo’llari o’sha-o’sha - mazok, mammogramma, kolonoskopiya, prostata tekshiruvlari va umuman profilaktik ko’riklardan o’tib turish kerak",- deydi doktor Uerta.

Tadqiqotchilar yangi texnologiya sinovdan o’tgach keng qo’llanishiga umid bog’lagan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG