Qo’shma Shtatlarda ommaviy otishmalar davom etar ekan, jamiyat nima qilish kerakligi borasida ikkiga bo’linib qolgan. Bu mamlakatda otishmalarda har yili minglab odam halok bo’ladi.
12-aprel, Tennessi shtati: O’rta maktabda ro’y bergan otishmada o’quvchi halok bo’ldi, politsiyachi yaralandi.
O’tgan oy Jorjiya shtatidagi massaj salonlarida 8 odam o’ldi. Olti nafari osiyolik ayollar. Voqeadan bir hafta o’tib, Koloradodagi do’konda 10 kishi otib o’ldirildi. 31-mart kuni Kaliforniyada o’lgan to’rt kishidan biri 9 yoshli bola.
Otishmalar AQShda kundalik yangilik.
“Nima deyishni ham bilmaydi odam. Oilalarga, omon qolganlarga hamdardmiz”, - deydi Prezident Jo Bayden.
Otishmalar bo’yicha statistika dahshatli. O’tgan yili qurol zo’ravonligi qariyb 20 ming amerikalikni hayotdan olib ketgan. 24 ming kishi qurol bilan o’z joniga qasd qilgan. Bu jamiyatda qurolga egalik borasida fikrlar turlicha.
“Ko’pchilik fikricha Amerikada odamlar qo’lida haddan ziyod qurol mavjud. Otishmalarni kamaytirish uchun, deydi ular, qurollar savdosini cheklash yoki muayyan qurollarni man etish kerak. Aholining yana bir qismi esa qurolga egalik sur’ati yanada oshsa, muammo hal bo’ladi deb ishonadi”, - deydi konstitutsion huquq bo’yicha professor Adam Vinkler.
“Pyu” tadqiqot markaziga ko’ra, amerikaliklarning kamida 40 foizi quroli bor xonadonda yashaydi. Buning ajablanarli joyi yo’q, deydi faollar, chunki konstitutsiyada egalik huquqi kafolatlangan.
Siyosiy tarafkashlik sabab murosa qiyinligini Adam Vinkler o’z kitobida tushuntirgan. Lekin, deydi u, alohida shtatlar cheklovlar joriy etmoqda.
Garvard universiteti professori Deyvid Xemenveyga ko’ra, qurol zo’ravonligini aholi salomatligi bilan bog’liq masala deb ko’rish kerak.
“Bunday yondashuv so’nggi 150 yil davomida dunyoni xavfsizroq qildi”, - deydi u.
Sanitariya-gigiyena qoidalari joriy etilgani, kasalliklarga qarshi kurash orqali bu davrda inson umri ikki baravar uzaydi.
“Masalan, sigaretani taqiqlamasdan choralar ko’rdik. Avtomobillarni ham man etmadik, lekin xavfsizlikni ta’minlashga erishdik”, - deydi Xemenvey.
Yo’l halokatlariga qarshi qanday kurash olib borilgan bo’lsa, qurol va zo’ravonlikka qarshi ham shunday kurashish kerak, deydi u. Xavfsizlik kamarlari, yostiqchalari va boshqa choralar tufayli bugun yo’llarda o’lim 85 foizga kamaygan.
Otishmalarni bartaraf etishning yagona yechimi yo’q, deydi suhbatdosh. Ammo samara bergan modellarni qo’llab va qurol egalari bilan hamkorlikda chora ko’rish mumkin.
Qurolga egalik ham, uning ustidan nazorat ham AQSh tarixining bir qismi. Lekin, deydi Vinkler, siyosiy jihatdan qutblashgan jamiyatda til topishish juda qiyin. Shunga qaramay, ayrim shtatlar qurolga egalik huquqini hurmat qilgan holda xaridorlarni tekshirish tizimini yo’lga qo’ymoqda.
“Umid qilamanki, jamiyat sifatida har ikki tomonning ekstremal qarorlariga berilmaymiz. Hozirda bir tomon qurol sotib olishimiz mumkin, nazorat esa noqonuniy deyapti. Ikkinchi tomon esa qurolga egalik huquqini bekor qilib, qurollarni aholidan tortib olishni talab qilyapti”, - deydi Vinkler.
Ekspertlarga ko’ra, AQShda otishmalarni butkul bartaraf etish imkonsiz. Bahs-munozaralarning esa cheki yo’q. Ammo ikki tomon murosa qilib, fojialarni kamaytirish yo’lini topishi lozim.
Facebook Forum