Amerika Qo’shma Shtatlarining Bishkekdagi elchixonasi tashabbusi bilan “Mem Shannon and the Membership Band” blyuz guruhi Yangi Orlean shtatidan Qirg’izistonga keldi. Bir hafta davomida Bishkek hamda O’sh shaharlarida o’tkazilgan va Amerikaning Mustaqillik kuniga bag’ishlangan uchrashuvlar, konsertlar minglab san’at shaydolari diqqatini jalb etdi.
Mutaxassislarning aytishicha, ta’lim, madaniyat, gumanitar sohalardagi aloqalar ikki mamlakat hamkorligining ustivor yo’nalishlaridan biri bo’lib qolmoqda.
“Amerika ovozi” tadbir tashkilotchilari va muxlislar bilan suhbatda bo’ldi.
Blyuz - Amerika musiqa san'atining o’ziga xos boy va jarangdor yo’nalishi bo’lib, afro-amerikalik xalq kuylaridan andoza olgan. Mohir ijrochilardan tashkil topgan Mem Shannon yetakchiligidagi jamoa Amerikada keng tanilgan. Turli sinov va tanlovlar g’olibi.
O’shdagi Milliy teatr zalida b’osh o’rin qolmadi hisob. Aksari ehtirosli yosh chehralar. Ammo o’rta yoshli hamda nuroniy tomoshabinlar ham oz emas.
Murat Yunusov yaqinda o’rta maktabni tugatib, oily o’quv yurtiga kirish taraddudida.
“Amerikani sevaman, ushbu o’lkaga doir hamma narsa men uchun qiziq”, deydi yugitcha.
Musiqashunos Dilyara Valiyeva guruh chiqishlaridagi nafislik, mahoratni ta’kidlaydi.
Aslida Amerika san’atkorlari Qirg’zistonda kamnamo. Dilyara Valiyeva hech bir konsertdan qolmaydi va ijodiy safarlar ko’payishiga umid qiladi.
Yosh haydovchi Mirzohid Yunusov konsertga do’stlari bilan kelibdi.
“Blyuz menga sokinligi bilan yoqadi. Ona allasini eslatadi. Saksafonni tinglaganda inson ruhan tozalanadi, salbiy tuyg’ular unutiladi”, - deydi Mirzohid.
Uningcha, ayniqsa, yoshlar uchun o’zga ellar musiqasini, madaniyatini o’rganish muhim.
“Bu dunyoqarashni kengaytiradi, ma’naviy jihatdan boyitadi”, - deydi yigit.
Kuzatuvchilarning aytishicha, yangi orleanlik san’atkorlarning gastrollari Qirg’izistonda Amerika hayoti hamda madaniyatiga qiziqish va e’tibor naqadar balandligini ko’rsatadi.
AQShning Qirg’izistondagi elchisi Sheyla Guoltnining aytishicha, ikki mamlakat madaniy aloqalarining ufqlari keng va tegishli idoralar bu sohada muloqotni kengaytirishga harakat qilmoqda. Elchi xonim ta’biricha, musiqa va san’at barchaga yaqin, tushunarli, tarjmaga o’rin yo’q va madaniyat xalqlarni bog’lovchi ko’prik misol xizmat qiladi.
Aytish joizki, Bishkek va O’sh shaharlaridagi barcha konsertlarni “Men Shannon and the Membership Band” guruhi bepul o’tkazdi. Tomoshabinlarga, shuningdek, esdalik sovg’alari ulashildi.
Facebook Forum