Breaking News

Amerikalik tadqiqotchilar Andijon fojeasida qurolli namoyishchilarni aybladi


11 yil muqaddam yuz bergan Andijon fojeasida yuzlab odam halok bo'lgan.
11 yil muqaddam yuz bergan Andijon fojeasida yuzlab odam halok bo'lgan.

2005-yil 13-mayida O'zbekistonning Andijon shahrida yuz bergan fojea mustaqil O'zbekiston tarixidagi eng katta dog' sifatida tilga olinadi. Hukumat kuchlari va namoyishchilar o'rtasida yuz bergan to'qnashuvda yuzlab odam halok bo'lgan. Huquq faollari va ko'plab xalqaro tashkilotlar hamda davlatlar O'zbekiston hukumatini haddan ziyod kuch ishlatishda va natijada ko'plab begunoh insonlar o'limida ayblaydi. Hukumatning qurollangan namoyishchilarga qarshi kurashgani va vaziyat hukumat istamagan holda izdan chiqib ketgani haqida aytadiganlar ham bor. Amerikalik ikki tadqiqotchi yaqinda shu hodisa yuzasidan o'z kuzatishlarini e'lon qildi.

Jefri Hartmen 2007-2009-yillar O'zbekistondagi AQSh elchixonasida harbiy maslahatchi bo'lib ishlagan. Uning fikricha, Andijon fojeasi yaqinlarining sudlanayotganidan norozi bir guruh mahalliy fuqarolarning militsiya va hokimiyat binolariga hujum qilib, qurol-yarog'ni qo'lga kiritishi ortidan boshlangan.

"Andijonda O'zbekiston hukumati xavfsizlik kuchlaridan 43 kishi halok bo'lgan. Agar bu qurolsiz namoyish bo'lganda, qanday qilib shuncha odam o'ladi? Bu, albatta, biz eshitadigan tanqidiy hisobotlarda tilga olinmaydi", - deydi harbiy.

Uning aytishicha, halok bo'lganlar orasida garovga olingan odamlar ham bo'lgan. Hartmen fikricha, O'zbekiston hukumati uchun voqealarning bunday rivojlanishi kutilmagan hol bo'lgan va shuning uchun fojea miqyosi ancha kengayib ketgan.

Harbiy tahlilchi qo'shni o'lkalarda o'sha paytlar rangli inqiloblar ro'y berganini ham tilga oladi. Shu bois hukumat bu g'alayonning inqilobiy tus olib ketishidan xavotirda bo'lgan, deydi u.

"Qirg'izistondagi inqilob Andijon yaqinidagi O'sh viloyatidan boshlandi va butun mamlakatga yoyildi. Bu O'zbekistonning Andijondagi vaziyatni qanday qabul qilishiga ta'sir qilgan. Bu payt "Islomiy jihod ittifoqi" degan terrorchi guruh ham paydo bo'lgan edi. U Toshkentda bir necha portlashlarni amalga oshirgan. Uning Andijondagi voqealarga aloqasi borligidan hukumat qattiq xavotir olgan", - deydi u.

Hartmen fikricha, "Akromiya" guruhiga mansublikda va iqtisodiy jinoyatlarda ayblangan bir guruh mahalliy tadbirkorlarni hibsga olish va sudlash tashabbusi mahalliy hokimiyatdan chiqqan.

"Yangi hokim kelishi bilan bu guruhga qiziqa boshladi. Bu hokimiyat almashishi ortidan yuzaga keladigan iqtisodiy manfaatlar bilan bog'liq. Hokim ushbu jamoatga aloqador 23 tadbirkorni hibsga olib, sud jarayonini boshladi. Shundan so'ng ularning ishchilari, yaqinlari va boshqalar sud binosi tashqarisida yig'ila boshladi", - deydi u.

Yana bir amerikalik tadiqoqtchi Jon Deli Hartmen fikrlariga qo'shiladi. U fojeani tushunishda va hukumat qo'l urgan javob choralariga to'g'ri baho berishda kontekstni unutmaslik kerak, deb hisoblaydi.

"G'arbning reaksiyasini ko'rib O'zbekiston hukumati qattiq g'azablandi. Hukumat parlament qoshida xorijliklar ishtirokida mustaqil tekshiruv kommissiyasi tuzishni taklif qildi, lekin xalqaro hamjamiyat unda ishtirok etishni istamadi. Aksincha, hukumatni o'z xalqini qatl qilishda ayblashlar kuchayib ketgach, O'zbekiston G'arb bilan hamkorlikni butunlay to'xtatib qo'ydi", - deydi u.

Deli, shuningdek, mintaqada, ayniqsa, Farg'ona vodiysida diniy ekstremizm xavfi haqiqatdan ham mavjud bo'lganini tilga olib, hukumat xatti-harakatini anglashda shuni hisobdan qochirmaslik lozimliginini aytadi.

"Andijon voqeasi islomiy jangarilar uchun go'yo bir tuhfa bo'ldi. O'zbekistondagi xudosiz rejim begunoh insonlarni qirmoqda, degan da'volarini isbotlash uchun bir imkoniyat bo'ldi", - deydi u.

Tahlilchi fikricha, shu jihatlarni hisobga olgan holda hukumatni qoralashga shoshmaslik kerak. U, shuningdek, voqeani kuzatgan ayrim huquq faollari va jurnalistlar, xususan, o'sha payt Andijonda bo'lgan jurnalist Galima Buxarbayeva va uning turmush o'rtog'i keyinroq bergan ko'rsatmalarida voqealarni va raqamlarni bo'rttirib ko'rsatganini aytadi.

"Videoda odamlarning garovga olinishi, qurollangan shaxslarning hokimiyatni qo'riqlashi, "Allohu akbar" deb qichqirishlar ask etgan. Lekin Galima Buxarbayeva va uning turmush o'rtog'i Kongressga bergan hisobotida bular tilga olinmaydi. Jurnalist xolis bo'lishi kerak edi", - deydi u.

Haqiqatda bu qurolli qo'zg'olonmidi? Mustaqil ekspertlar va kuzatuvchilar voqeani qanday baholashadi? Markaziy Osiyo bo'ycha mutaxassis, mustaqil jurnalist va tahlilchi Sara Kendzior Andijon fojeasini yaqindan o'rgangan xalqaro kuzatuvchilardan biri.

Uning aytishicha, hukumat tinch aholiga qarata ogohlantirishsiz o't ochgan va yuzlab oddiy odamlar, jumladan, ayollar, keksalar va bolalar halok bo'lgan.

Voqea ro'y berishi ortidan "Human Rights Watch" tashkiloti e'lon qilgan batafsil hisobotda ham, AQSh hukumati va boshqa xalqaro hukumat va tashkilotlar bayonotlarida ham O'zbekiston hukumatining namoyishni zo'ravonlik bilan bostirishi keskin tanqid qilinadi.

Oradan 10 yildan ziyod vaqt o'tgan bo'lsa ham, bu voqea O'zbekiston xalqi va xalqaro hamjamiyat xotirasidan hali o'chgani yo'q. Namoyishlarni kuch bilan bostirish buyrug'ini bergani aytiladigan prezident Islom Karimov o'tgan oy hayotdan ko'z yumdi. O'zbekistonda uning o'rniga hokimiyatga kelayotgan yangi rahbariyatdan xalq iqtisodiy va siyosiy islohotlar kutmoqda. Agar bu islohotlar amalga oshsa, Andijon voqealarining asl haqiqati ham o'rtaga chiqib qolsa, ajab emas.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG