Breaking News

BMT sobiq bosh kotibi Xitoy va Rossiyada Suriyadagi vaziyatni muhokama qiladi


BMT sobiq bosh kotibi Kofi Annan (o'ngda) Suriya bo'yicha maxsus vakil vazifasini bajarmoqda. Chapda Arab Ligasi rahbari Nabil al-Arabiy, Jeneva, 20-mart, 2012-yil.
BMT sobiq bosh kotibi Kofi Annan (o'ngda) Suriya bo'yicha maxsus vakil vazifasini bajarmoqda. Chapda Arab Ligasi rahbari Nabil al-Arabiy, Jeneva, 20-mart, 2012-yil.

BMT va Arab Ligasining Suriya bo'yicha maxsus vakili Kofi Annan Moskva va Pekinga safar qilib, bu davlatlarning Suriyaga doir pozitsiyasi bilan tanishib, o'z qarashlarini bayon etmoqchi. Ma'lumki, Xitoy va Rossiya BMT Xavfsizlik Kengashida Suriya bo'yicha rezolyutsiya loyihasiga ikki bor veto qo'ygan.

Annan bugun Moskvada prezident Dmitriy Medvedev va Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan uchrashadi. Ertaga Pekinga yo'l olib, chorshanbagacha muzokara qiladi.

Kecha esa Yevropa Ittifoqi Suriya prezidenti Bashar al-Assadning britaniyalik rafiqasi, bir necha qarindoshi va ma'muriyati a'zolarining mulklarini muzlatishga va viza cheklovlari joriy etishga qaror qildi.

BMTning Jenevadagi Inson huquqlari kengashi ham Suriyada zo'ravonliklarning kuchayganidan xavotir bildirib, rasmiy Damashqning tinch fuqarolarga qarshi so'nggi bir yilda o'tkazgan zulmini taftish qilishga qaror qildi. 47 davlatdan 41 nafari chorani ma'qulladi. Rossiya, Xitoy va Kuba qarshi ovoz berdi.

Obama ma'muriyati esa AQShda vizasi tugagan va noqonuniy yashayotgan suriyaliklarni deportatsiya qilmaslikka va Amerikada qoldirishga qaror qildi.

Bu o'rtada suriyalik faollarining aytishicha, askarlar Hims shahrini minomyotlardan o'qqa tutgan. Qurbonlar haqida ma'lumot yo'q. Turkiya chegarasi yaqinidagi Azaz shahrida esa armiyadan muxolifat tomoniga o'tgan 13 askar otishmada o'lgan, deydi huquq faollari.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG