BMT va Arab Ligasining Suriya bo’yicha maxsus vakili Kofi Annanning ta’kidlashicha, rasmiy Damashq otishmalarni to’xtatishga doir kelishuvni zudlik bilan amalda oshira boshlashi kerak. Lekin xabarlarga ko’ra, Hims, Idlib hamda poytaxt tevaragida olishuv davom etmoqda.
Suriya rahbari Bashar al-Assad BMT vakilining xalqaro miqyosda ma’qullangan tinchlik taklifiga kuni-kecha rozilik bergan edi. Lekin, deydi u, hukumatga qarshi kurashayotgan qurolli guruhlar ham, uning ta’biri ham aytganda, “terror harakatlari”ni to’xtatishi lozim.
Kofi Annaning so’zlovchisi esa bugun Jenevada bergan bayonotida hozir ana shu olti moddalik bitimni amalda tatbiq etish vaqti ekanini aytgan, ammo Assad rejimi bunga rioya qilmasa qanday chora ko’rilishi haqida og’iz ochmaydi. Uning aytishicha, tinchlik elchisi Annan tomonlarni qurollarini tashlab, muloqot uchun zamin hozirlash maqsadida, muxolifat vakillari bilan uchrashmoqda.Kecha Iroq poytaxti Bag’dodda o’tgan anjumanda ham arab davlatlari Suriya bo’yicha tinchlik rejasini ma’qullab, tomonlarni unga rioya qilishga chaqirgan edi.
Arab rahbarlari bundan oldin “Suriya prezidenti hokimiyatni muoviniga topshirsin va muvaqqat hukumat tuzilsin” deb talab qo’ygan edi. Bag’dod uchrashuvida ushbu talab yangramadi.
Anjumanda qatnashgan BMT Bosh kotibi Ban Ki-Mun esa Suriya rahbari Bashar al-Assad bitimga amal qilishi zarurligini ta’kidlab, uni o’z xalqiga qarshi zulmda ayblagan.Bu orada, AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton Assad rejimiga qarshi siyosiy-iqtisodiy bosimni oshirish maqsadida mintaqaga safar qilgan.
Saudiya Arabistonida to’xtagan Klinton Riyodda qirol Abdulla va Fors ko’rfazi o’lkalari vakillari bilan uchrashmoqda. AQSh davlat kotibasi yakshanba kuni Istanbulda “Suriya do’stlari” xalqaro guruhining majlisida qatnashib, tinchlik kelishuvini yoqlayotgan mamlakat vakillari hamda Suriya muxolif kuchlar namoyandalari bilan maslahatlashadi.
Istanbul yig’ilishida asosan tinchlik kelishuvi mohiyati va amalda tatbiq etilishi, hukumat va oppozitsiya o’rtasida dialog boshlash hamda Suriya jang ketayotgan viloyatlariga insonparvarlik yordami yuborish masalalari muhokama qilinadi.
Suriyadagi manzara: