Breaking News

Suriyada va’da qilingan sulhdan darak yo’q


BMT va Arab Ligasining Suriya bo’yicha maxsus vakili Kofi Annan Xavfsizlik Kengashiga hisobot berar ekan, Suriyada bugun yana zo’ravonlik avj oldi.

Idlib shahrida askarlar uylarni tekshirayotgan payt ikki fuqaroni o’ldirgan. Janubda esa qo’zg’olonchilarning chegara postiga hujumi oqibatida ikki zobit halok bo’lgani aytiladi.

Kofi Annan bir yillik mojaroni hal etish uchun barcha tomonlar bilan muzokara olib borayapti. Xavfsizlik Kengashida bugungi majlis yopiq eshiklar ortida o’tmoqda.

Kecha 70 dan ortiq davlat, jumladan Qo’shma Shtatlar Suriya muxolifatiga mablag’ va aloqa vositalari yetkazishga kelishib oldi.

“Suriyaning do’stlari” nomli xalqaro guruhning Istanbuldagi yig’inida, shuningdek, Fors Ko’rfazi davlatlari maxsus jamg’arma tuzib, Bashar al-Assad rejimiga qarshi kurashayotgan guruhlarga pul ajratishini e’lon qildi.

Maqsad – prezident Assadga sodiq harbiylarni muxolifatga qo’shilishga undash.

AQSh Suriya xalqiga insonparvarlik yordamini yanada oshirib, 25 million dollarga yetkazadi, deydi Davlat kotibasi Xillari Klinton. Uning aytishicha, prezident Bashar al-Assad tinchlik rejasiga xo’p deb, xalqaro hamjamiyatni laqillataman deb o’ylasa xato qiladi.

“Suriya muxolifat safi kengayib, kuchga to’lib borayapti”, - deydi Klinton xonim.

Istanbul sammitida “Suriya Milliy Kengashi”, asosan xorijdagi faollardan iborat bu guruh, qonuniy organ deb tan olindi. Suriyada bir yildan beri davom etayotgan mojaroda 9 mingdan ziyod odam halok bo’lgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG