Breaking News

Suriyada isyon boshlanganiga bir yil bo'ldi


Idlib shahrida uyi hukumat kuchlari tomonidan o'qqa tutilgan bolalar
Idlib shahrida uyi hukumat kuchlari tomonidan o'qqa tutilgan bolalar

Suriyada qo’zg’olon boshlanganiga bir yil bo’ldi. Bugun mamlakat bo’ylab yana 23 kishi halok bo’lgan. Davlat televideniyesi prezident Bashar al-Assadni olqishlayotgan ommaviy chiqishlarni yoritmoqda.

Idlib shahri bugun armiya va isyonchilar o’rtasida shiddatli janglar maydoni. Britaniya asoslangan Suriya inson huquqlari tashkilotiga ko’ra, 23 kishining jasadi aynan shu shaharda topilgan, ayrimlari qiynoqdan o’lgani ayon, deydi guvohlar.

Xalqaro hamjamiyat shu kungacha 8 mingdan ziyod odamning boshini yegan mojaroni qanday to’xtatish ustida bosh qotirar ekan, Suriya qurolli kuchlari Idlib shahrining katta qismini egallab bo’ldi va “qo’zg’olon o’chog’i” - janubdagi Daraa shahrida yirik operatsiya boshlagan.

Asosan sobiq harbiylardan iborat isyonchilar chekinishga majbur, chet eldagi muxolif guruhlar ham bir yoqadan bosh chiqara olmayotgani ko’zga tashlanadi.

Fransiya Tashqi ishlar vaziri Alan Juppe Suriya oppozitsiyasini qurollantirish taklifiga qarshi, chunki deydi u, vaziyat tamoman izdan chiqib, kattaroq fojiaga aylanishi hech gap emas.

Zo'ravonliklardan omon qolgan suriyalik. Hims va Idlib shaharlari - hukumat kuchlari va muxolifat orasidagi jang maydoni.
Zo'ravonliklardan omon qolgan suriyalik. Hims va Idlib shaharlari - hukumat kuchlari va muxolifat orasidagi jang maydoni.
Bu orada, 200 nohukumat tashkilotlar, kino yulduzlari va san’atkorlar bilan hamkorlikda, “Suriya tinchligi uchun birlashing” shiori ostida kampaniya boshlamoqda. Tashabbus Facebook, Twitte va Youtube singari ommabop sahifalar orqali omma e’tiborini Suriyadagi bugungi vaziyatga qaratishni ko’zlaydi.

BMT va Arab Ligasining Suriya bo’yicha maxsus vakili, yaqinda Damashqqa safar qilib prezident Assad bilan muloqot qilgan Kofi Annan, BMT Xavfsizlik Kengashiga hisobot berishi kutilmoqda.

Diplomatlar fikricha, safar xulosalari AQSh va Yevropa ovozga qo’yishni rejalayotgan navbatdagi rezolyutsiya uchun muhim. Hujjat loyihasi Suriya shaharlariga favqulodda gumanitar yordam yetkazishni ko’zlaydi. Bashar al-Assad ma’muriyatini qoralovchi rezolyutsiyalar Rossiya va Xitoy qarshiligi sabab ovozdan o’tmagan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG