Breaking News

Amerika 19 yil oldingi qora kunni yodga olmoqda


Amerikada 2001-yilning 11-sentabrida sodir etilgan terror xurujlaridan beri 19 yil o'tdi. Nyu-York, Virjiniya va Pensilvaniya shtatlarida qariyb 3000 kishi halok bo’lgan edi.

O’sha kun nima bo’lgan?

Al-Qoida guruhiga mansub 19 kishi to’rt samolyotni olib qochib, Nyu-Yorkdagi Jahon savdo markazi va Pentagon binosiga urgan edi. Samolyotlardan biri bortdagi yo’lovchilarning terrorchilarga qarshilik ko’rsatishi natijasida Pensilvaniya shtatida qulagan.

11-sentabr xurujlari 1941-yilda Gavayi orolidagi Perl-Xarbor harbiy bazasiga qilingan hujumdan beri eng qonlisi bo’lib, xavfsizlikka bo’lgan yondashuvni o’zgartirgan. Prezident Jorj Bush terrorizmga qarshi urush e’lon qilib, AQSh Afg’onistonni bosib olgan.

Terrorizmga qarshi kurash

AQSh boshchiligidagi koalitsiya Afg’onistonda Tolibonni hokimiyatdan qulatdi. Joriy yil boshida Amerika Tolibon bilan mojaroni tugatishga qaratilgan kelishuv imzolagan bo’lsa-da, mamlakatda urush davom etmoqda.

Xurujlardan so’ng AQSh al-Qoida yetakchisi Osama bin Ladenni bir necha yil davomida qidirdi. 2011-yilning mayida u Amerika maxsus kuchlari tomonidan Pokistonning Abbotobod shahridagi imoratda otib o’ldirilgan.

Yodgorliklar

Nyu-York, Virjiniyada va Pensilvaniyada terakt qurbonlari xotirasiga yodgorliklar qad ko’targan. Pentagon binosining ziyon ko’rgan qismi tezda ta’mirlangan edi.

Xurujda vayron bo’lgan egizak binolar o’rnida bugun yangi savdo markazi barpo etilib, AQShdagi eng baland imorat hisoblanadi.

11-sentabr voqealari: fojiada halok bo'lgan o'zbekistonliklar kim?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:05:52 0:00

Har yili amerikaliklar bu mamlakat tuprog’ida yuz bergan eng yirik terror xurujini birgalashib yodga olar edi – qo’l ushlashib, qurbonlarning ismlarini o’qib eshittirib va ibodat qilib.

Ammo bu yili koronavirus pandemiyasi tufayli bir qancha tadbirlar qoldirilgan. Manxetten osmoni uzra egizak chiroqlar ham taralishi ham avvaliga bekor qilindi, chunki ularni o’rnatish uchun 40 mutaxassis birga ishlashi talab qilinadi.

Shu ma’noda, 11-sentabr voqealari kabi pandemiya ham ko’p narsani o’zgartirdi.

Xotira marosimlari

AQSh rahbari Donald Tramp 40 yo’lovchi halok bo’lgan Pensilvaniyaning Shenksvil shahrida, prezidentlikka nomzod Jo Bayden esa Nyu-Yorkda 19 yil oldingi fojia qurbonlarini xotirladi.

“Birinchi xonim va men ushbu muqaddas zaminga qadam qo’yar ekanmiz, yaqinlaridan judo bo’lgan oilalar qalbidagi bo’shliqni to’ldira olmaymiz, qayg’uni o’chira olmaymiz. Ammo barcha amerikaliklar sizni qo’llab-quvvatlaydi”, - dedi Tramp.

Oq uy uchun poygada raqiblar Jo Bayden va Vitse-prezident Mayk Pens Nyu-Yorkdagi memorial oldida salomlashib, birdamlik namoyish etdi. Bayden kechroq Pensilvaniyaga ham tashrif buyuradi, ammo Prezident Tramp bilan yo’li kesishmaydi.

Bayden qurbonlarga hurmat bajo keltirish uchun siyosiy tashviqot va reklamalarni bir kunga to’xtatishga qaror qilgan.

“Bugun mendan hech qanday yangilik eshitmaysiz. 11-sentabr voqealaridan boshqa hech qanday mavzuga to’xtalmayman. Reklamalarni to’xtatdik”, - deydi demokrat nomzod.

Pensilvaniya - prezidentlik saylovlarida muhim rol o’ynaydigan shtatlardan biri. 2016-yilda Tramp bu yerda salkam bir foiz farq bilan g’alaba qozongan edi. Hozirda Bayden Pensilvaniyada reytinglarda 8-9 foiz oldinda.

Fojia oqibatlari

Teraktda deyarli 3000 kishi halok bo’lganidan tashqari, AQSh Kasalliklarni nazorat qilish markazi ma’lumotiga ko’ra, yana 400 000 odam jarohatlangan yoki qutqaruv va tozalash ishlarida jarayonida turli kasalliklarga duchor bo’lgan.

Saraton va boshqa xastaliklardan o’tgan yillar ichida yuzlab o’t o’chiruvchilar va xurujdan omon qolganlar hayotdan ko’z yumdi.

Prezident Tramp jabrlanuvchilarga kompensatsiya to’lash jamg’armasini uzluksiz moliyalash to’g’risidagi qonunga imzo chekdi. Uning aytishicha, qutqaruv va tozalash ishlarida qatnashganlar “haqiqiy jangachilardir”.

7,4 milliard dollarlik jamg’arma byudjeti so’nggi yillarda keskin kamayib, to’lovlar kesilgan edi. Yangi qonunda uni 2092-yilgacha moliyalaydi. 2001-yildan buyon 40 000 dan ziyod odam yordam so’rab jamg’armaga murojaat qilgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG