Pokistonda hukumat komissiyasi chiqargan yangi hisobotga ko’ra, Osama bin Ladenning uzoq yillar mamlakatda qo’lga tushmasdan yashagani xavfsizlik tizimlaridagi e’tiborsizlik va layoqatsizlik bilan bog’liq. Ma’lumki, “Al-Qoida” yetalkchisi bo’lgan Bin Laden AQSh amalga oshirgan maxsus amaliyot natijasida 2011-yil 2-may kuni o’ldirilgan edi.
AQSh maxsus kuchlari Bin Laden yashiringan uyda reyd o’tkazgach, Pokiston hukumati voqeani o’rganish uchun Abbotobod komissiyasini tuzgan edi.
AQSh maxsus kuchlari Bin Laden yashiringan uyda reyd o’tkazgach, Pokiston hukumati voqeani o’rganish uchun Abbotobod komissiyasini tuzgan edi.
Oliy sudya rahbarligidagi to’rt kishilik guruh dunyoning 1-raqamli terrorchisi uzoq yillar Pokistonda nom-nishonsiz yashirinib yurgani va AQSh maxsus kuchlarining ogohlantirishsiz amaliyot o’tkazgani sabablarini o’rgandi.
Hali komissiya hisoboti rasman oshkor etilmagan bo’lsa-da, uning nusxasi allaqachon matbuotga sizib chiqdi.
Guruh rahbari Javed Iqbolning aytishicha, komissiya o’z hisobotini hukumatga yanvar oyida taqdim etgan. Guruh ishini tugatishi uchun 18 oydan ziyod vaqt ketgan. Bu haqdagi tanqidlarga javoban, Javed 200 dan ortiq guvoh, shuningdek, Bin Laden oilasi a’zolari hamda martabali harbiy va hukumat vakillarini so’roq qilish ko’p vaqt olganini aytadi.
“Bu ishni yakunlash uchun arab tilida yozilgan 7000 hujjatni, shuningdek, 350 sahifali kundalik yozuvlarini tarjima qilishga to’g’ri keldi”, - deydi u. Bu hujjatlar Bin Laden yashagan Abbotoboddagi xonadondan topilgan.
336 betli hisobotda Bin Ladenning Pokistonda kechirgan yashirin hayoti hikoya qilinadi. Pokiston hukumati va xavfsizlik xizmatlari o’z vazifasiga mas’uliyatsiz yondashganlikda ayblanadi.
Pokiston Senatining Mudofaa masalalari qo’mitasi rahbari Mushahid Husaynning aytishicha, komissiya xulosasi tashvishlanarli.
“Hisobotga ko’ra, xavfsizlik kuchlari nafaqat uzoq yillardan beri Bin Ladenning Pokistonda yashab yurganini bilmagan, balki 2-maydagi amaliyotdan oldin AQSh Markaziy Razvedka agentligi Abbotobodda kuzatuv punktini tashkil etganini ham sezmagan. Razvedka ishlarida ikki karra qo’pol xatoga yo’l qo’yilgan”, - deydi senator.
Husaynga ko’ra, kelajakda ana shunday ko’ngilsiz voqealarning takrorlanmasligi uchun Pokiston xavfsizlik xizmatlari jiddiy tekshiruvdan o’tkazilishi va isloh qilinishi kerak.
“Endi bo’lib o’tgan voqealarda kimlarnidir ayblashdan foyda yo’q. Bu yechim emas. Yechim bunday ishlarning kelajakda yana yuz berishiga yo’l qo’ymaslik”, - deydi u.
AQSh amalga oshirgan Bin Laden operatsiyasi Pokistoning qudratli harbiy rahbariyati, xususan, “Al-Qoida” va Tolibon bilan aloqasi borligi aytiladigan Ichki Razvedka xizmati (ISI) uchun kutilmagan zarba bo’ldi. Ammo komissiya hisobotida xavfsizlik tizimlarining Bin Ladenga boshpana berib kelgan bo’lishi mumkinligi tilga olinmagan.
“Al-Qoida”ning yangi yetakchisi Ayman Al-Zavohiriy ham Pokistonda yashirinib yurgani aytiladi. Afg’oniston hukumati, shuningdek, Tolibon rahbari Mulla Umarning qo’shni o’lkada ekanini aytadi.
AQShning Bin Laden amaliyotini Pokiston bilan hisoblashmay mustaqil amalga oshirgani Islomobodni darg’azab qildi. Shundan so’ng ikki mamlakat o’rtasidagi aloqalar eng sovuq nuqtaga tushdi. Vashington operatsiyaning mutlaq maxfiyligini ta’minlash uchun Islomobodni xabardor qilmaganini aytadi.