Vashington, Nyu-York hamda boshqa ko'plab shtat va shaharlarda 2001-yil 11-sentabr kuni yuz bergan terror xurujlarining 14-yilligi yodga olinmoqda. O'sha mash'um kunda qariyb uch ming kishi halok bo'lgan.
Juma kuni ertalab Oq uy oldida Prezident Barak Obama va uning rafiqasi Mishel Obama boshqa ma'muriyat xodimlari bilan fojea qurbonlarini xotirlab bir daqiqalik sukut saqladi.
Nyu-York shahrida esa egizak binolarda halok bo'lganlarning oila a'zolari va yaqinlari yig'ilib, o'lganlar xotirasi uchun tashkil etilgan marosimda qatnashdi. Halok bo'lganlarnig ismlari birma-bir o'qib chiqildi.
Pentagonda ham Mudofaa vaziri Eshton Karter yetakchiligida xotirlash tadbiri o'tdi. Binoning samolyot kelib urilgan joyida o'rnatilgan AQSh bayrog'i pastga tushirilgan.
Afg'oniston poytaxti Kobulda NATO rasmiylari va askarlari yig'ilib, fojeani yodga olmoqda.
2001-yil 11-sentabr kuni "Al-Qoida" guruhiga mansub terrorchilar to'rt samolyotni olib qochib, ularni Nyu-Yorkdagi Jahon savdo markaziga hamda Pentagon binosiga olib kelib urgan edi.
Kapitoliyni nishonga olishi rejalangan to'rtinchi samolyot yo'lovchilarning terrorchilarga qarshilik ko'rsatishi oqibatida Pensilvaniya shtatida ochiq maydonga qulab tushgan.