Breaking News

Boy mamlakatlarda ham korrupsiya jiddiy muammo


Britaniya Bosh vaziri Deyvid Kameron va AQSh Davlat kotibi Jon Kerri korrupsiyaga qarshi xalqaro sammitda. 12-may 2016-yil, London
Britaniya Bosh vaziri Deyvid Kameron va AQSh Davlat kotibi Jon Kerri korrupsiyaga qarshi xalqaro sammitda. 12-may 2016-yil, London

Londonda o'tgan korrupsiyaga qarshi sammitda e’tibor Afrika generallari, oligarxlar va diktatorlarga emas, balki boy mamlakatlarga qaratildi. Ma'lumotlarga ko'ra, bu o’lkalarda banklar va ko’chmas mulk agentlari xalqdan o’g'irlangan pullardan bahramand bo’lmoqda.

AQSh Davlat kotibi Jon Kerri deydiki, "oddiy odamlardan o'g’irlangan milliardlab dollarga teng mablag’ ta’lim sohasi va infratuzilma uchun sarflanishi mumkin edi, ammo aslida bu pullar yirik banklarda yashirilgan, shu jumladan bizning mamlakatda".

“Biz davlatlarimiz uchun, mamlakatlarimiz uchun, millatimiz uchun kurashmoqdamiz. Korrupsiya - jiddiy dushman, chunki u ekstremistlar kabi davlatlarni vayron qiladi”, - dedi Kerri sammitdagi chiqishida.

“Bunga shohid odamlarning g’azabi kuchaymoqda. Biz buni dunyoning turli mamlakatlarida, shu jumladan Amerikada ham ko’ryapmiz”, - dedi AQSh bosh diplomati.

“Jahon o’zgarmoqda”

Bir kunlik xalqaro anjumanda Afg’oniston, Kolumbiya, Nigeriya va boshqa mamlakatlar vakillari qatnashdi. Britaniya rasmiylarining bildirishicha, maqsad jamiyatning turli qatlamlaridagi korrupsiya holatlarini aniqlash, jazolash va yo’q qilishga qaratilgan harakatlarni kuchaytirish.

“Agar bunday sammit 10 yil avval o’tkazilganida edi, Afrikadagi kleptokratlar haqida, xalqdan davlat pullarini o’g'irlayotgan firibgarlar haqida gapirgan bo’lardik. Ammo o'shandan beri dunyo o’zgardi”, - deydi "Adolatli soliq tarmog’i" nomli britan tashkilotidan Aleks Kobem.

“Endi esa moliyaviy operatsiyalarni yashirishga yordam beribgina qolmay, dunyo bo'ylab korrupsiyani kuchaytirayotgan taraflar haqida gapiryapmiz”, - dedi u.

Sammit bo’lib o’tayotgan bir paytda "Panama hujjatlari" muhokamalari davom etmoqda. Ularga ko’ra, Britaniya Bosh vaziri Deyvid Kameronning otasi soliq to’lamaslik uchun ofshor jamg’arma ta’sis etgan va, Kameronning e’tirof etishicha, u ham maxfiy operatsiyalarga qo’l urgan.

Islohotlar talablari

"Panama hujjatlari" oshkor etilganidan so’ng Britaniyada ofshor amaliyotini isloh qilish talablari yangradi.

Bunga javoban bosh vazir Britaniyada jamoat registri tuzishni e’lon qildi. Bundan buyon kompaniyalar haqiqiy egalari ismlarini oshkor etishga majbur bo’ladi.

“Nima sababdan bu katta ahamiyatga ega deb hisoblayman? Chunki korrupsiya bugun dunyodagi mavjud jiddiy muammolarning sababi, tizimni zaharlayotgan saraton. Agar qashshoqlikka chek qo’yishni istasak, korrupsiyani tag-tugi bilan yo’q qilishimiz kerak”, - dedi Britaniya rahbari.

"Panama hujjatlari"da yuqori martabali AQSh rasmiylari deyarli tilga olinmagan. Ammo mamlakat ichida, xususan ofshor zonalar hisoblangan Delaver, Nevada va Vayoming shtatlarida ham soliqdan bo'yin tovlash va pullarni yuvishga imkon beruvchi sxemalarining mavjudligi haqida korrupsiyaga qarshi kurashayotgan faollar bot-bot gapirib keladi. AQSh hukumati bunga qarshi chora ko’rishni rejalamoqda.

Kerrining bildirishicha, hozirgi taklif kuchga kirsa, AQShda ta’sis etilgan kompaniyalar o'z egalari va boshqa ma’lumotlarni oshkor etishga majbur bo’ladi.

Boy davlatlar ishonchni qayta tiklash ilinjida

Millionlab odamlarning qashshoqlashishiga, ish yo'qotishiga, umidsizligiga sabab bo'lgan yillar davom etgan moliyaviy inqirozlar Vashington va Londonni korrupsiyaga qarshi astoydilroq kurashishga majbur qilmoqda.

“Agar boyvachchalar soliqlarni to’lamasa va buning uchun jazolanmasa, hukumatlar qonuniyligini, xalq orasidagi obro’sini yo’qotadi. Demak, rahbarlar muammoga qarshi kurashmasa bo’lmaydi”, - deydi londonlik siyosiy iqtisod professori Tim Evans.

“So’nggi yillarda Yevropa va AQShda isyonlar va noroziliklarni ko’rdik. Siyosatchilar xavotirda, xalq ishonchini qayta qozonishga, oshkoralikni qayta tiklashga harakat qilmoqda”, - deydi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG