Amerika rahbari ayni damda ona shtati Gavayida. Tinch okeanidagi bu orollar jamlanmasi mintaqaviy sammitga mezbon qilmoqda. Poytaxt Gonolulu ko'plab davlatlarning rahbarlari, jumladan Xitoy va Rossiya prezidentlarini ham kutib olgan.
Osiyo-Tinch okeani hududidagi davlatlar iqtisodiy hamkorligi (APEC, Asia-Pacific Economic Cooperation) yig’inida sakkiz tomon erkin savdo zonasi tuzishga kelishib olishi kutilmoqda – AQSh, Avstraliya, Bruney, Chili, Malayziya, Yangi Zelandiya, Peru, Singapur va Vyetnam.
Yaponiya ham qiziqish bildirgan. Balki Xitoy ham qo’shiladi degan taxminlar bor.
Sammitdan keyin Barak Obama Avstraliyaga yo’l oladi, so’ngra esa Indoneziyaga.
Gavayida katta bo’lgan, lekin o’smirlik davrinig bir qismini Indoneziyada o’tkazgan Obama Bali orolida o’tadigan Sharqiy Osiyo Sammitida ham ishtirok etadi. Shu kungacha AQShning biror rahbari bu anjumanga bormagan.
Xitoy ta’siri tobora kuchayib borayotgan bu mintaqada Amerika o’z rolini saqlab qolishga urinmoqda.
Obamaning aytishicha, Sharqiy Osiyo uning davlati uchun strategik ahamiyatga ega bo’lgan hudud.
“Nafaqat siyosiy balki iqtisodiy-madaniy hamkorlikni mustahkamlashni ustuvor vazifa deb bilamiz”, - deydi u.
Obama Gonolulida bugun Xitoy rahbari Xu Tsintao, Rossiya prezidenti Dmitriy Medvedev va Yaponiya Bosh vaziri Yoshixiko Noda bilan muloqot qilgan.
Tsintao bilan muzokarada iqtisodiy aloqalari va Xitoy milliy puli yuan qiymati sun'iy ravishda past ushlab turilishi muhokama qilingan. Obama Tsintaoni valyuta siyosatini o'zgartirishga undagan. AQSh pozitsiyasi shuki, yuan qadrini bozor belgilashi kerak, hukumat emas. Xitoy tomon esa bunday tanqidlarga "iqtisodimiz jadal o'sib bormoqda, demak muammo yo'q" deb javob beradi. Bugun ham Tsintao shuni eslatgan. Lekin, deydi u, uning ma'muriyati Amerika bilan kelishib ishlashni, hamkorlikni oshirishni istaydi.
Rossiya rahbari bilan Obama asosan Eron va iqtisodiy masalalar haqida gaplashgan. Xalqaro atom agentligining Eron yadroiy dasturi haqidagi so'nggi hisoboti yuzasidan fikr almashilgan. Shuningdek, Obama Medvedevga AQSh Rossiyaning Jahon Savdo Tashkilotiga kirishini quvvatlaydi deb aytgan.
Amerika rahbari Yaponiya Bosh vaziri Noda bilan uchrashganida bu mamlakatda zilziladan keyingi tiklanish jarayoni qanday kechayotgani haqida so'z ketgan.