Breaking News

Yosir Arofatning jasadi tekshiriladi


Ramallohdagi maqbara
Ramallohdagi maqbara
Falastinga uzoq yillar yetakchilik qilib, 2004-yilda Parijda, 75 yoshida vafot etgan Yosir Arofat go’ridan qazib olinib, ilmiy tekshiruvdan o’tadi.

Kelayotgan seshanba kuni, 27-noyabrda, ertalab qabr ochiladi va kechga borib, jasad yana qaytib qo’yiladi, deydi Arofatning o’limi yuzasidan izlanish olib borayotgan ekspertlar.

Shu yil boshida Shveytsariya olimlari marhum kiygan kiyimlardan radioaktiv modda bo’lmish poloniy topgan va Fransiya bu borada tergov ishi ochgan edi.

Yosir Arofat umrining oxirgi ikki yilini Ramallohda, Isroil harbiylari nazorati ostida o’tkazgan.

Sog’lig’i og’irlashgach, u Parijga olib borilgan. Hayotdan ko’z yumganida shifokorlar qarilik va umumiy zaiflikdan boshqa biror aniq sabab ko’rsata olmagan.

Yosir Arofatning bevasi Suha xonim qabr ochilishiniga ruxsat bergan. Arofat Ramallohda, prezident qarorgohi hovlisidagi maqbarada ko’milgan.

Falastin Ozodlik Tashkiloti, Falastin Milliy Boshqaruvi va Fath siyosiy partiyasi asoschisi sifatida Arofat vatani mustaqil davlat bo'lishi uchun kurashgan.

U Isroil davlatchiligiga qarshilik ko'rsatgan, ammo 1988-yilda BMT Xavfsizlik Kengashining bu boradagi rezolyutsiyasiga bosh egishga qaror qilgan. Bu murosa, degan u, Falastin ham davlat sifatida tan olinishi uchun xizmat qiladi.

Ko'plab falastinliklar uchun u dohiy, lekin oradan shuncha vaqt o'tib ham, bu xalq hamon mustaqillik va davlatchilik uchun kurashayotgani Arofat orzulari puchga chiqqanidan dalolat deya umidsizlanadiganlar ham bor.

Falastinning hozirgi prezidenti Mahmud Abbos yaqin kunlarda yana BMT Bosh Assambleyasi va Xavfsizlik Kengashiga murojaat qilib, mustaqil va suveren davlat talabini olg'a surishi kutilmoqda.

"Amerika Ovozi" xabarlari, 24-noyabr, 2012
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:06:44 0:00
Yuklab oling
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG