Breaking News

Isroil-Falastin ixtilofi kuchaymoqda. Yevropada Isroilga qarshi namoyishlar


G'azo shahri Isroil hujumlaridan so'ng, 17-noyabr, 2012-yil.
G'azo shahri Isroil hujumlaridan so'ng, 17-noyabr, 2012-yil.
Isroil G’azo Sektorini havodan va dengizdan o’qqa tutishda davom etmoqda. Bugun uch bola o’lgan. XAMAS ham Isroil janubiga raketa otishda to’xtamayapti. Isroil hujumlarida hududda faoliyat ko’rsatayotgan xorijiy matbuot idoralari zarar ko’rgan. Uch jurnalist yaralangan.

Yahudiy davlati Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu harbiy amaliyotlarni kuchaytiramiz, demoqda. Minglab qo’shinlar chegaraga tortilgan. Britaniya Tashqi ishlar vaziri Uilyam Xeyg Isroilni G’azoga qo’shin kiritmaslikka undamoqda. Aks holda, deydi u, xalqaro hamjamiyat Isroildan yuz o’giradi.

Fransiya Tashqi ishlar vaziri Loren Fabius sulhga erishishda vositachilikda yordam taklif qilish uchun Quddusga yo’l olgan.

Falastin rasmiylari hisobiga ko’ra, G’azoda chorshanbadan beri 53 odam o’lgan. Isroilda uch kishining nobud bo’lgani ma’lum.

Isroilning kechagi hujumlari XAMAS Bosh vaziri Ismoil Xaniya idorasini nishonga olgan. Arbob hujum paytida ishda bo’lmagan.

Ziddiyatlarga barham berish maqsadida Misr prezidenti Muhammad Mursiy Qohirada XAMAS rahbarlari, Qatar va Turkiya vakillari bilan muloqot qilgan.

Arab Ligasi ham favqulodda majlis o’tkazib, vaziyatni muhokama qilgan.

AQSh prezidenti Barak Obamaning aytishicha, mojaroga barham berish uchun falastinlik jangarilar Isroilga hujumlarni bas qilishi lozim.

Isroil-Falastin mojarosi Yevropada yahudiy davlatiga qarshi namoyishlarga turtki bergan. Parijda yuzlab Falastin tarafdorlari Isroilni zo’ravonliklarni bas qilib, Falastin ichki siyosatiga aralashmaslikka chaqirgan.

Namoyish tashkilotchilaridan birining aytishicha, Isroilda saylovlar yaqinlashar ekan, o’ng qanot kuchlar hokimiyatni qo’ldan chiqarishdan qo’rqib, Falastinga hujum qilgan.

"Bu bilan ular jangarilarni jilovlashga qodir yagona kuch ekanini ko'rsatmoqchi", - deydi faol.

Italiya poytaxti Rimda parlament binosi qarshisida chiqishlar bo’lgan. Bir falastinlikning aytishicha, zo’ravonliklarga chek qo’yish uchun Falastinni mustaqil davlat sifatida tan olish kerak.

Londonda politsiya Isroil elchixonasi yonida to’plangan odamlarni tarqatishga uringan.

Braziliya Tashqi ishlar vaziri Antonio de Agiyar Patriotaning aytishicha, muammoni diplomatik yo’l bilan hal etish lozim.

"BMT Xavfsizlik Kengashidan tashabbusni qo’lga olishni so’raymiz. Biz Falastinga BMTda kuzatuvchi a’zo maqomini berish rejasini qo’llab-quvvatlaymiz", - dedi Braziliya rasmiysi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG