Osiyoda xalq iste'moli mollari qimmatlashar ekan, oddiy odamlar hayoti og'irlashgan. Hukumatlar yengillik yaratish maqsadida aholiga naqd pul berib, yonilg'i va oziq-ovqat uchun talonlar tarqatmoqda.
Tailandda inflyatsiya ketidan nafaqat xaridorlar, balki sotuvchilar ham zarar ko'rmoqda. Savdo tushgan. Benzin qimmatlashib, o'simlik yog'i, tovuq va cho'chqa go'shti narxi ko'tarilgan.
Jahon bankining Tailanddagi mutaxassisi Frederiko Gil Senderning aytishicha, iqtisodiyot rivojlansa, hamma mahsuloti va molini yaxshi sotaman deb o'ylaydi, ammo aslida bunday emas.
Ob-havoning yomonligi, siyosiy ziddiyatlar va talabning oshgani ba'zi oilalar byudjetiga salbiy ta'sir qilmoqda. Pulning ham qadri tushdi.
Yaqin Sharqdagi g'alayonlar sabab so'nggi bir necha oyda neft qimmatlashgach, Tailand hukumati bir litr dizel narxini 96 sentdan oshmayidgan qilib qo'ydi. Viloyatlardan shaharlarga mahsulot tashuvchi yuk mashinalari dizeldan foydalanadi. Indoneziya esa yoqilg'i uchun hukumat yordamini cheklash rejasini vaqtincha qoldirdi. Filippin hukumati jamoat transporti haydovchilari og'irini yengil qilish maqsadida 11,5 million dollarlik subsidiya ajratishga qaror qildi.
Deyarli barcha oziq-ovqatni import qiluvchi Gong-Kongda fevral oyida inflyatsiya so'nggi ikki yarim yilda eng yuqori nuqtaga chiqdi. Xitoyda kamomad va talabning oshgani mahsulotlarni asosan undan oluvchi Gong-Kong bozorida izsiz o'tmadi. Bir dona baqlajon narxi supermarketlarda bir dollardan oshdi.
Hukumat bu yilgi daromad hisobidan fuqarolarga elektr quvvati xarajatlarini qoplashga, ijtimoiy nafaqani oshirib, har bir kishiga 770 dollardan ulashishga va'da berdi.
Gong-konglik iqtisodichi Konni Bollandning aytishicha, davlat yordami kam daromadli va o'rta sinf vakillariga as qotadi.
"Biroq yordam miqdori kam bo'lgani uchun, unchalik sezilmaydi".
Uzoq muddatda bunday yordam davlatga og'ir kelishi, byudjet kamomadiga hissa qo'shishi mumkin.
Frederiko Senderning aytishicha, subsidiyani hammaga bergandan ko'ra, davlat yordami muhtojlarga qaratilgan bo'lishi kerak.
Xitoy, Filippin, Janubiy Koreya, Hindiston, Tailand va Indoneziya inflyatsiyaga qarshi kurashish va oborotdagi pul miqdorini tushirish maqsadida so'nggi ikki oyda foiz stavkalarini ko'tardi. Narx oshishda davom etsa, foiz stavkalari ham ko'tarilaveradi, deydi iqtisodchilar. Natijada bizneslar banklardan olingan kreditni kattaroq miqdorda qaytarishga majbur bo'ladi. Bu esa iqtisodiy vaziyatni qiyinlashtirishi, ishsizlik sur'atini oshirishi mumkin.
Gong-Kong hukumati inflyatsiyani jilovlay olmay xunob. Iqtisodchi Bollandning aytishicha, Gong-Kong valyutasi kursinining dollarga bog'langani qimmatbaho qog'ozlar va ko'chmas mulkni xitoylik xaridorlar uchun arzonlashtirib, o'z aholisi uchun qimmatlashishiga yetaklaydi.
"Xitoyda naqd pul ko'p. Hukumat kredit olishni murakkablashtirgani bilan", - deydi ekspert.
Osiyodagi har bir davlat narx-navoni jilovlashga harakat qilar ekan, Jahon banki vakili Frederiko Sender nazarida inflyatsiya sabab energiyadan samarali foydalanish va qishloq xo'jaligida samaradorlikni oshirish dolzarb mavzuga aylangan.
"Ko'proq oziq-ovqat ishlab chiqilsa, o'sayotgan talabni qondirish mumkin. Muqobil yonilg'i manbalari ishlansa, neft qimmatlashganda, ta'siri sezilmaydi", - deydi Sender.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti hisobicha, narx oshishda davom etsa, joriy yilda Osiyoda 10 milliondan 42 milliongacha odam qashshoqlashadi yoki qashshoqlikdan chiqa olmaydi.