Jahon iqtisodiyoti 2008-yilgi global krizisdan ancha o’ziga kelgan. Lekin shu hafta Vashingtonda moliya vazirlari majlis qilar ekan, muammolar talaygina.
Tabiiy ofatlar, namoyishlar…
Arab dunyosidagi qo’zg’olonlar iqtisodiyot va siyosat o’rtasidagi uzviy bog’liqlikni yana bir bor isbotlagan. Ishsizlik va korrupsiyaga qarshi chora ko’rilmasa, o’zini barqaror deb bilgan hukumatlar bir zumda parchalanishi mumkin, deydi mutaxassislar.
Jahon Banki va Xalqaro Valyuta Jamg’armasining bahorgi majlisi odatda hamkorlikni olqishlash uchun bir imkoniyat. Lekin so’nggi yillarda rivojlangan va rivojlanayotgan davlatlar o’rtasida ziddiyat kuchaygan va anjumanda buni yaqqol ko’rish mumkin.
Bu yilgi yig’ilish 15-17 aprelda o’tadi. Maqsad jahon iqtisodiyotini boshqarishga doir qoidalarni ishlash.
Hukumatlar oradagi to’siqlarni bekor qilish, savdo imkoniyatlarini oshirish kerakligini tan oladi. Lekin bu chorani qayerdan, kimdan boshlash masalasi hamon ochiq. Deylik, rivojlanayotgan davlatlar shu qadar kuchga to’lganki, AQSh, Yevropa kabi yirik iqtisodlarga o’z shartini o’tkazishga kirishgan.
20 yil oldin qoidani, asosan, Yevropa Ittifoqi, Yaponiya, Kanada va AQSh belgilar edi. Lekin bugun Xitoy, Hindiston, Braziliya va Janubiy Afrika, shuningdek Indoneziya bilan hisoblashish kerak.
Xitoy ekonomikasi jadal o’smoqda, G’arb esa aksincha. Bu tafovut muvozanatni buzadi, deydi Xalqaro Valyuta Jamg’armasi raisi Dominik Straus Kan.
“Yevropaning ayrim davlatlari chorrahada turib qolgan”, - deydi Straus Kan. “Tashqi qarz og’iridan o’ziga kelolmay qolgan”.
Anjumanda yevrozonaning eng qashshoq vakillaridan biri, qarzga botgan Portugaliya moliyaviy yordam so’rashi kutilmoqda. Yevropaning boshqa davlatlari ham shu ahvolga tushishi ehtimoldan xoli emas.
Xalqaro Valyuta Fondi va Jahon Banki ularni tirab yuborishi kerak.
Straus–Kan hamkorlik zaruratini eslatadi. “Afsuski, xalqaro hamjamiyat avvalgidek bardam-baquvvat emas. Shundan xavotirdaman”, - deydi Xalqaro Valyuta Jamg’armasi raisi.
AQSh kabi boy davlatlar talabi shuki, quvvatga to’lib borayotgan Xitoy xalqaro raqobat qoidalarini hurmat qilishi, boshqalarga ham imkon berishi lozim. Lekin Xitoy va Hindiston nazarida ortiqcha talab qo’ymasdan ishlagan ma’qul.
Yaponiyadagi zilzila, sunami va yadroviy halokat, Yaqin Sharq va Afrika shimolidagi qo’zg’olonlar ham kun tartibiga chiqishi aniq.
Bu voqealar, deydi Xalqaro Iqtisodiyot Instituti rasmiysi Markus Nolan, nafaqat o’sha region, balki butun dunyoda ask-sado bera boshlagan.
Misol uchun, neft bahosi keskin oshdi. Natijada global moliyaviy krizis qaytalasa, ajabmas.
Jahon Baki prezidenti Robert Zellik iqtisodiy va siyosiy vaziyat o’zaro bog’liq ekanini eslatadi. “Yaqin Sharq va Afrika shimolini ko’ring – namoyishlar moliyaviy jihatdan zaif mamlakatlarni qamramoqda”, - deydi u.
Zellik hukumatlarni ogoh bo’lishga, fuqaro bilan hisoblashib ish ko’rishga undamoqda.
Aholi ehtiyojlariga befarqlik, deydi Jahon Banki prezidenti, xato choralar ko’rish bilan barobar. Yaqin Sharq hukumatlari islohotlar o’tkazib, ishsizlikni bartaraf etishi lozim. Kambag’al va boy qatlam o’rtasida tafovutni kamaytirish lozim, deydi Zellik. Davlatlar iqtisodiy jihatdan o’smoqchi bo’lsa, nafaqat pul siyosati, balki ijtimoiy muammolarni ham hal qilishiga to’g’ri keladi.