Breaking News

Tahlil: Klinton, Tramp tashqi siyosatni o'zgartirmaydi


Amerika saylov kampaniyasi davrida xalqaro savdo bitimi tanqid qilinib, qo'shinlar Osiyodan olib chiqiladi degan bayonotlar bot-bot quloqqa chalindi. Biroq tahlilchilar nazarida AQShning tashqi siyosatida tub o'zgarish bo'lmaydi va bo'lg'usi prezident oldida murakkab vazifalar turibdi.

Ham respublikachi Donald Tramp, ham demokrat Hillari Klinton erkin savdo bitimlari, ayniqsa, Trans Tinch okeani hamkorlik kelishuvini tandiq qilib keladi.

Klinton avvaliga Xitoyning oshib borayotgan qudratini muvozanatlashga qaratilgan Osiyo erkin savdo bitimini ma'qullagan, lekin saylov kampaniyasi davrida fikrini o'zgartirgan edi.

Tramp, xususan, Xitoy mahsulotlariga jazo tariflari joriy etishini aytib po'pisa qilayapti. Iqtisodchilar esa bu chora ikki davlat o'rtasida savdo urushini boshlab, mamlakatlar iqtisodiyoti zara ko'radi, deya ogohlantirmoqda.

Shi Tao Pekin Tashqi siyosat Universitetida professor. Uningcha, saylovlar ketidan bu bayonotlar yumshaydi. 1992-yilda Bill Klinton saylovlar oldidan Xitoy rahbariyatini Pekin qassoblari deya ta'riflaganini eslang, deydi u.

"Prezident bo'lganidan keyin nima bo'ldi? 1994-yilda Xitoy bilan rishtalarda inson huquqlari masalasini savdodan ajratishga qaror qildi. Shundan keyin Amerika-Xitoy aloqalari silliqlashdi", - deydi olim.

Shimoliy Koreya yadro dasturini jilovlashga kelganda Klinton mintaqadagi ittifoqchilar bilan kuchli harbiy hamkorlikni saqlab, Xitoy bilan hamkorlikni mustahkamlash va shu bilan sanksiyalarni ishga solish yo'lini ma'qul ko'radi.

Tramp esa Xitoyni siquvga olib, Shimoliy Koreyaga bosim o'tkazishga majbur qilmoqchi, toki Pxenyan yadroviy tadqiqotlarini bas qilsin.

Respublikachi nomzod, shuningdek, Janubiy Koreya va Yaponiya Amerika qo'shinlari bu davlatlarda qolishi uchun ko'proq pul to'lashlarini talab qilmoqchi. Aks holda, askarlarni uyga qaytaramiz va ittifoqchilarga o'z yadro dasturlarini ishlab chiqishlariga ijozat beramiz, deydi Tramp.

Biroq Koreya diplomatiya akademiyasidan professor Kim Xyun Vuk fikricha, poygada kim g'alaba qilishidan qat'i nazar AQShning kelasi prezident mintaqada harbiy ishtirokini saqlab qoladi.

Bu orada, AQShning 10 ming askari Afg'onistonda qolmoqda. Bu askarlar mahalliy qo'shin kuchga to'lgani sari vatanga qaytishi kerak edi. Lekin mamlakatda o'tgan yilida toliblar tobora ko'proq hududlarni qo'lga kiritdi.

Afg'oniston hukumati va toliblar o'rtasida yaqinda o'tgan muzokaralar biror natija bermadi.

Pokistonlik tahlilchi Mosharraf Zaidiy fikricha, Amerika va Afg'oniston Pokiston bilan yaqinroq aloqa qilishdan xavfsirashda davom etadi.

"Klinton bo'ladimi yoki Tramp, AQShning kelasi prezidenti bu borada ikkilanishda davom etadi va Afg'onistonda aniq-tiniq siyosatni olg'a sura olmaydi. Chunki Vashingtonda Pokistonga nisbatan yashirin xavfsirash, ikkilanish hissi bor", - deydi u.

Na Klinton va na Tramp Afg'onistonga qo'shimcha askar jo'natmoqchi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG